Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyatida o‘tkazilayotgan Xalqaro konferensiyada lalmikor dehqonchilikni rivojlantirish masalalari diqqat markazida
11:45 / 2023-05-23

Joriy yilning 19 may kuni Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining 110 yilligiga bag‘ishlangan «Lalmikor dehqonchilikning ahamiyati, ilmiy asoslari va uni rivojlantirishning innovatsion agrotexnologiyalari» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) va Qurg‘oqchil mintaqalarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, Qishloq xo‘jaligi sohasidagi innovatsiya va xizmatlar milliy markazi AKIS mutaxassislari, agroklasterlari rahbarlari, olimlar, tadqiqotchilar, mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari professorlari ishtirok etdilar.
Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy faoliyatini 1913 yilda boshlagan. Ilmiy muassasada dastlab lalmi yerlarda, keyinchalik sug‘oriladigan yerlarda boshoqli, dukkakli don va boshqa ekinlar seleksiya-urug‘chiligi va agrotexnikasi o‘rganilib, g‘allachilik ilmiga poydevor qo‘yilgan.
Institut 110 yillik faoliyati davomida 20 ga yaqin qishloq xo‘jalik ekinlarining 246 ta serhosil navlari yaratildi. Hozirgi vaqtda sug‘oriladigan va lalmikor maydonlar uchun mos bo‘lgan ertapishar, serhosil, yuqori sifatli navlarni yaratish, bug‘doy-shudgor almashlab ekish tizimi, resurs tejovchi agrotexnologiyalarni takomillashtirish, tuproq unumdorligini oshirish, uni shamol va suv eroziyalaridan saqlash hamda 14 turdagi qishloq xo‘jalik ekinlarining seleksiyasi, urug‘chiligi bo‘yicha ilmiy va amaliy, innovatsiya ishlarini davom ettirmoqda.
Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti «O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi» loyihasini amalga oshirishda FAOning hamkori hisoblanadi. Loyiha FAO tomonidan Global Ekologik Jamg‘armasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida biz bug‘doy ko‘p yetishtiriladigan hududlarda yerdan foydalanishning samarali texnologiyalarini va ekologik yondashuvlarini joriy qilishda lalmikor dehqonchilikni rivojlantirish muhim o‘rin tutishini «O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi» loyihasining milliy koordinatori Aziz Nurbekov o‘z ma’ruzasida ta’kidlab o‘tdi.
Konferensiyada Buyuk Britaniya, Ispaniya, Qozog‘iston, Misr, Xitoy, Eron va Efiopiyalik halqaro darajadagi olimlar, shuningdek, mahalliy mutaxassislar lalmikor dehqonchilikni rivojlantirish, bug‘doy yetishtirish va resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Anjuman yakunida ishtirokchilar Jizzax viloyatidagi Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining tajriba maydonlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar.

O‘zA