French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyatida “IT-shaharcha”lar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda
14:32 / 2026-01-31

FOTOREPORTAJ

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 15 maydagi “Hududlarda yoshlarga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan “IT-shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq hududlarda zamonaviy raqamli ta’lim infratuzilmasini shakllantirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur qaror ijrosi doirasida Jizzax viloyatining Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida tashkil etilgan “IT-shaharcha”lar faoliyati bir kunda tantanali ravishda ish boshladi.

Ochilish marosimida viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari boshqarmasi, Raqamli texnologiyalar boshqarmasi, tuman hokimliklari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

“IT-shaharcha”lar 6 ta zamonaviy o‘quv xonalaridan iborat bo‘lib, markazlar bir vaqtning o‘zida 100 nafarga yaqin o‘g‘il-qizni qamrab olish imkoniyatiga ega hamda zamonaviy kompyuter texnikasi bilan jihozlangan.

Markazlarda dasturlash, grafik dizayn, robototexnika, axborot xavfsizligi, SMM, zamonaviy kasblar hamda xorijiy tillarni o‘rgatish yo‘nalishlari bo‘yicha mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, yoshlar va frilanserlar uchun coworking zonalari tashkil etilgan.

— Yurtimizda biz, yoshlar uchun har tomonlama keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun ochilgan mazkur markazda ham bilim olish istagida bo‘lgan tengdoshlarim uchun barcha sharoitlar mavjud, - deydi Zomin tuman ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi Suhrob Keldibekov. — Yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, kelajakda mamlakatimiz ravnaqi uchun bor salohiyatimizni ishga solamiz. Bunday ishonch va g‘amxo‘rlik uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz.

[gallery-27407]

Ma’lum qilinishicha, mazkur markazlar orqali har yili 500 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz IT sohasida zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, hozirda Forish, Mirzacho‘l va Yangiobod tumanlarida ham yangi zamonaviy “IT-shaharcha”lar va Yoshlar axborot texnologiyalari markazlarini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar Baxmal, Zarbdor, Arnasoy va Zafarobod tumanlarida ham shunday markazlarni ishga tushirish, Jizzax shahrida esa qiymati 40 milliard so‘mlik zamonaviy IT Parkni qurib bitkazish rejalashtirilgan.

Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA