Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat hokimi Ergash Soliyev 2020 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda kelgusi yilgi rejalar bo‘yicha murojaat qildi.
Ma’lumki, yil yakunida hokimlar sessiyada murojaat qilishi mamlakatimiz xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatidagi muhim yangilik bo‘ldi. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati tavsiyasi bilan barcha xalq deputatlari mahalliy kengashlar sessiyalarida xokimlar joriy yilda amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi yil rejalari yuzasidan murojaat qilishlari amaliyotga kiritildi.
Bundan tashqari, xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashining ushbu sessiyasi 2020 yilda qayta rekonstuksiya qilinib foydalanishga topshirilgan viloyat hokimligining yangi tantanalar majmuasida o‘tkazilgan birinchi rasmiy yig‘ilish sifatida ham tarixga kirdi.
Sessiya oldidan joriy yilda viloyatdagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan yangi mahsulotlarning ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida mahalliy kengash deputatlaridan tashqari Oliy Majlis Senatining hududdan saylangan a’zolalari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, shahar va tuman hokimlari, viloyat boshqarma, tashkilotlari rahbarlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyada viloyat hokimining “2020 yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda kelgusi yil rejalari”ga bag‘ishlangan murojaati eshitildi. Hokim murojaatida yakunlanayotgan yilda amalga oshirilgan ishlarni chuqur tahlil qilib, kelgusi yilgi rejalarga batafsil to‘xtaldi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida, avvalo, inson manfaatlari uning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadi yotadi. Murojaatda ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qaror, farmon va berilgan topshiriqlar Jizzax viloyatida qanday bajarilayotgani, qaysi sohalarda qanday yutuqlarga erishilgani, qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yigani to‘liq yoritib berildi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilda Jizzax viloyati xokimligi zimmasiga yuklatilgan 572 ta vazifadan 231 tasi bajarildi, 341 tasi amalga oshirilmoqda, – dedi viloyat hokimi ma’ruzasida. – Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 maydagi “Respublika hududlarini qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2020 yil 11 avgustdagi “Suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha shoshilinch chora-tadbirlar to‘risida”gi qarorlari viloyatning qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Prezidentning 2020 yil 8 iyundagi “Axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasidagi islohotlarning samaradorligi to‘g‘isida”gi qaroriga asosan viloyat markazida foydalanilmaydigan binolar negizida Xindistonning informatsion texnologiyalar sohasidagi yetakchi mutaxassislari jalb qilinib, IT park tashkil etilishi muhim voqealardan biri bo‘ldi.
Hokim murojaatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoniga to‘xtalar ekan, 2020 yilda xorijiy investitsiyalar hajmi 12,3 baravar, eksport hajmi 3,2 baravar oshganligini ko‘rsatib o‘tdi.
2020-2022 yillarga mo‘ljallangan mintaqaviy investitsiya dasturi doirasida viloyatda amalga oshiriladigan yangi loyihalarga 5,9 trillion so‘m ajratildi va hozirgi kunda 465,8 million dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan koronavirus pandemiyasi davri qiyinchiliklariga qaramay iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlanishi tufayli 322 ta sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi inshootlari foydalanishga topshirildi. Natijada 4 ming 235 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Viloyatni 2021-2022 yillarda yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun 26,4 trillion so‘mlik 489 ta yangi investitsiya loyihasini shakllantirish va 21 ming 185 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Shundan 2021 yilda 9,6 trillion so‘mlik 440 ta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish orqali 14 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Murojaatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlarni, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilingan ishlar, bu sohada kelgusi yil rejalariga batafsil to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash asosiy e’tibordagi vazifa bo‘lib qoladi. Shu maqsadida “Jizzax Iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish” kasb-hunar kollejida “Ishga marhamat” monomarkazini 2021 yil 1 yanvarga ishga ishga tushirilishini ma’lum qildi.
Murojaatda xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, tibbiyot sohalari, ommaviy sportni rivojlantirishda erishilgan natijalar, hali bajarib ulgurilmagan ishlar, kelgusi yilga belgilangan rejalar keng tahlil qilindi.
Viloyatda so‘nggi uch yilda 24 davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va 648 ta nodavlat, xususiy va oilaviy bog‘chalar tashkil etildi. 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish 19 foizdan 57 foizga oshirildi. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Hokim murojaatida kelgusi yilda inovatsion texnologiyani rivojlantirish, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasini yanada yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu sohada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga, ularni keltirib chiqargan sabablarga, bartaraf etish chora-tadbiriga keng to‘xtaldi.
Jumladan, elektr enegiyasini hisoblashda avtomatlashtirilgan tizimga o‘tilgan bo‘lsada, joriy yil boshidan buyon tarmoqdagi debitor qarzdorlik viloyat bo‘yicha 55,2 milliard so‘mga yetdi. Tabiiy gaz ta’minotida debitorlik yuqori bo‘lib turibdi.
Murojaatda aholini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlashni yaxshilash, isrofgarchilikning oldini olish, qarzdorlikni kamaytirish uchun hisob-kitobni avtomatlashtirilgan tizimga o‘tkazishni tezlashtirishga va bu sohada kelgusi yilda bajariladigan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida deputatlar viloyat hokimining 2020 yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda kelgusi yil rejalariga bag‘ishlangan murojaatini ma’lumot uchun qabul qilish va ijrosini ta’minlash yuzasidan qaror qabul qildi.
Sessiya yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun 2020 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda 2021 yilgi rejalar va ustuvor vazifalar mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev va tadbirda ishtirok etgan shahar, tuman hokimlari, viloyat tashkilotlari rahbarlari jurnalist va blogerlarning savollariga javob berdi.
Matbuot anjumani doirasida jurnalistlar uchun “Jizzax” maxsus iqtisodiy zonasida yangi barpo etilgan korxonalarga press-tur tashkil etilib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va kelgusi yil amalga oshiriladigan yangi loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi.
[gallery-536]
T. BEKNAZAROV,
J. YORBEKOV (surat), O‘zA