Baxmal tumani hokimi M.Anorboyev mutasaddi o‘rinbosarlari bilan birgalikda O‘smat shaharchasidagi Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktabdagi ta’mirlash ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi.
Quruvchilar bilan muloqotda bo‘lib, ularga yaratilgan sharoit va qurilish materiallari ta’minoti bilan qiziqdi. Shuningdek, ushbu maktabda tahsil oladigan o‘quvchilar uchun yaratilishi lozim bo‘lgan qulayliklar bo‘yicha takliflarini bildirib, mutasaddilarga kerakli ko‘rsatmalarni berdi.

Jizzax shahar 1-sektoriga qarashli mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, yoshlar o‘rtasida profilaktik suhbatlar tashkil qilish, huquqiy tushuncha berish va muammolarga yechim topish maqsadida Jizzax shahar hokimi K.Xolmurodov va Jizzax viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i A.Ergashev boshchiligida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda ko‘tarilgan muammolarga mutasaddi tashkilot rahbarlari biriktirildi va Yoshlar ishlari agentligi Jizzax shahar bo‘limi tomonidan topshiriqlar ijrosi nazoratga olindi.

Sharof Rashidov tumanida o‘tgan seminarda Jizzax viloyat agroxizmatlar markazi hamda viloyat agroinspeksiya xodimlari, Jizzax ilmiy tajriba stansiyasi olimlari, tumanlar qishloq xo‘jalik bo‘limlari boshliqlari, paxtachilik agroklasterlari rahbarlari hamda qishloq xo‘jalik tashkilotlari mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi a’zolari ishtirok etdi.
Seminarda ishchi guruh a’zolari paxta maydonlarini ko‘zdan kechirib, ko‘sak qurtiga qarshi kurashish, agrotexnik tadbirlarni kechiktirmasdan sifatli amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Mustaqilligimizning 31 yilligiga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Mirzacho‘l tumanidagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda.
Erta tongdan tuman hokimi Sh.Ahmedov boshchiligida sektorlar, tumandagi idora va tashkilot rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari bilan birgalikda biriktirilgan hududlarida bo‘lib, aholi xonadonlarini birma-bir aylanmoqda, uyma-uy yurish paytida aholini qiynayotgan muammolar, tomorqadan samarali foydalanish, xonadonlarni obodonlashtirish yuzasidan tavsiyalar va ehtiyojmandlarga amaliy yordam berilyapti.

Zarbdor tuman hokimi Z.Ro‘ziyev 1-sektor hududidagi “Ravot” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida mahallada olib borilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdi. Faollar bilan birgalikda aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarning murojaatlarini qonuniy hal etish, murojaatlarning kamayishiga, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilishi borasida suhbatlashdi.

G‘allaorol tumanidagi mahallalarda Mustaqillikning 31 yilligiga bag‘ishlangan “Eng ulug‘, eng aziz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Xuddi shunday targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tgan “Do‘stlik” va “Guliston” MFYlarda bu yillar davomida amalga oshirilgan islohotlar xususida so‘z yuritildi.
Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida – “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumini yuqori saviyada o‘tkazish va targ‘ib qilish belgilangan edi.
Shu munosabat bilan Paxtakor tumani mahallalaridagi yoshlar yetakchilari, tuman xalq ta’limi, sport ishlarini rivojlantirish, madaniyat ishlari bo‘limlari va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birga “Besh tashabbus olimpiadasi”ni ikkinchi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil qilinib, unda bu borada olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari atroflicha muhokama qilindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA