Jizzax viloyatida aholi va bank tizimidagi mavjud muammolar, korrupsiyaning oldini olish, muammoli kreditlar qaytarilishidagi mavjud masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Sh.Kamalov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i A.Tog‘aymurodov, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki departament mudiri Sh.Quvvataliyev, Biznes-ombudsman viloyat sektor rahbari S.Usmanov hamda Markaziy bank va tijorat banklari rahbarlari tomonidan mazkur masalalar tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining shu yil 23 maydagi “Tuman (shahar) ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligini yanada oshirish bo‘yicha o‘quv yig‘inlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida ichki ishlar organlarining bir guruh profilaktika inspektorlari o‘quv kurslarida ishtirok etmoqda.
Sharof Rashidov tumanidagi harbiy qismda davom etayotgan o‘quv davomida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlash, jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarning mehnat, ijtimoiy ta’minot va xalqaro e’tirof etilgan boshqa huquqlarini himoya qilish orqali ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish bo‘yicha bilim va malakalari oshirilyapti.

Bolajonlarni qiziqarli hikoyalar, she’rlar va ertaklar olamiga yetaklab, ularni erkin fikrlashga o‘rgatish, dunyoqarashini kengaytirish, ertaklar orqali adabiyotga bo‘lgan mehrini bolalikdan shakllantirish maqsadida Zomin tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan “Kitoblar olamiga sayohat” hafta mavzusi asosida “Buvijonim ertaklari” nomli “O‘zbek xalq ertaklari – kitoblar ko‘rgazmasi” tashkil etildi.
Xalq og‘zaki ijodining eng betakror janrlaridan biri bo‘lgan ertaklar farzandlarimizni keng dunyoqarashli, odobli, mehnatsevar bo‘lib ulg‘ayishlarida muhim o‘rin tutadi.

“Jizzax HYeTK” AJ tasarrufidagi Zarbdor tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida “Adirobod” mahalla fuqarolari yig‘inida joylashgan aholi xonadonlariga sifatli elektr energiyasi yetkazib berish uchun 60 dona yangi temir-beton tayanchlar o‘rnatilmoqda va 1 kilometr SIP kabel tortilmoqda.
Qolaversa, yuklama bilan ishlayotgan transformatorlarga qo‘shimcha 2 dona yangi transformator qo‘yish ham rejalashtirilgan. Amaliy ishlar davom etmoqda.

Do‘stlik tumanidagi “Yoshlar innovatsion maydoni”da 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan do‘stlik bayram festivali bo‘lib o‘tdi.
Festivalda tumanda bir-birlari bilan ahil, bir tan bir jon bo‘lib yashab kelayotgan o‘n olti millat vakillaridan iborat to‘rt mingga yaqin keksa-yosh ishtirok etdi.
Tadbirda o‘zbek, qirg‘iz, rus, tojik va boshqa millatlarga xos ashula hamda raqslarni festival ishtirokchilari olqishlar bilan kutib oldi.
Bu yil O‘zbekistonda ikkinchi bor o‘tkazilayotgan “Xalqlar do‘stligi kuni” el-yurtimiz o‘rtasida hamjihatlik, o‘zaro totuvlik bayrami ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA