Sharof Rashidov tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev, mutasaddi tashkilot rahbarlari bilan “mahallabay” tizimi asosida aholi sharoitini yaxshilash va ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan “Toqchilik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda aholi tomonidan obodonlashtirish, ishga joylashtirish, moddiy yordam, sog‘lig‘ini tiklashda ko‘mak, farzandlarini maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish, nafaqa tayinlash kabi murojaatlar tinglandi. Murojaatlarni yarmidan ortig‘i joyida hal qilingan bo‘lsa, 45 foizi vaqt va mablag‘ talab qilganligi sabab, hal etish choralari yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriq va vazifalar yuklatilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
* * *
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakillari ham aholi muammolarini “mahallabay” tizimida hal etayotir. Zarbdor tumani 3-sektor hududidagi “Adirobod” MFY aholisi uchun sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.

Qabulda fuqarolar ichimlik suvi, simyog‘ochlar o‘rnatish, moddiy yordam ko‘rsatish, bandlik va boshqa masalalar bilan murojaat qildi.

20 ta murojaatning 8 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, qolganlari tegishli tashkilot rahbarlariga yuklatildi, ijrosi nazoratga olindi.
* * *
Arnasoy tuman ishchi guruhi tomonidan 1-sektor hududidagi “Cho‘lquvar”, 3-sektordagi Bobur MFY aholisi uchun “Ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlari” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Tadbir ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar, jinoyat va turli salbiy oqibatlarning oldini olishga bag‘ishlandi.
* * *
Zafarobod tuman hokimi N.Rajapov sayyor qabul o‘tkazdi.

Qabulda fuqarolar tomonidan o‘rtaga tashlangan murojaatlar tegishli tashkilot rahbarlari ishtirokida atroflicha muhokama etilib, yechim topish chorasi ko‘rildi. Muddat talab qiladigan murojaatlar yuzasidan mutasaddilarga qat’iy topshiriqlar berildi.

Shuningdek, qabulga oilaviy ajrim yoqasiga kelib qolgan “Lolazor” QFYda istiqomat qiluvchi oila muammosi o‘rganilib, ularni yarashtirish choralari ko‘rildi. Yana bir ajrim yoqasiga kelib qolgan “Uzun” QFYdan kelgan oilaning vaziyati hisobga olinib, oilaga yarashishi uchun muddat berildi.
* * *
Baxmal tumani hokimi M.Anorboyev 1-sektor hududidagi “Mo‘g‘ol” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida qurilayotgan suv omborining qurilish ishlari bilan tanishdi.
Mahalladagi fuqarolar bilan joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan suhbatlashdi.

So‘ng sayyor qabul tumandagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasida davom etdi. Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan murojaatlarning 40 foizi joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar yuzasidan tegishli tashkilotlar rahbarlariga aniq ko‘rsatmalar berildi.
* * *
Yangiobod tumanidagi chegara qo‘riqlash vzvodida referendum qonunchiligi bo‘yicha shaxsiy tarkib o‘rtasida o‘quv amaliy mashg‘ulot tashkil qilindi.

Tadbirda Yangiobod tuman adliya bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi J.Abduxoliqov va Yangiobod tuman hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi A.Nazarqulov harbiy xizmatchilarga mavzu yuzasidan ma’lumotlar berdi.
* * *
Mirzacho‘l tumanida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida Mirzacho‘l tumani “Alpomish” kurash saroyida sportning milliy kurash turi bo‘yicha tuman hokimining kubogi uchun musobaqalar bo‘lib o‘tdi.

18-30 yoshli sportsevarlar o‘rtasidagi ushbu musobaqada qatnashgan barcha g‘olib va sovrindorlar esdalik sovg‘alari, medallar bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA