Jizzaxlik mirishkorlar 243 ming 800 tonna g‘alla yetishtirib belgilangan marrani zabt etdi.
Viloyat g‘allakorlari joriy yilda 88,1 ming gektar suvli va 100 ming gektarga yaqin lalmi maydonlarga urug‘ qadab, suvli maydonlarning har gektaridan o‘rtacha 70-80 sentnerdan hosil ko‘tardi. Ushbu yuksak xirmonni bunyod qilishda, ayniqsa, viloyatning Paxtakor, Do‘stlik, Arnasoy tumanlari hamda Yangiobod, Baxmal va Zomin kabi lalmikor tumanlarning hissasi katta bo‘ldi.
Bu yil 100 dan ortiq fermer xo‘jaliklari fidoyilik ko‘rsatib, har gektar g‘alladan 90-100 sentnerdan xirmon ko‘tardi. Ular orasida Paxtakor tumanidagi “Anvar A”, Do‘stlik tumanidagi “Asal momo“, Arnasoy tumanidagi “Suyunov Sardor dalasi”, Zafarobod tumanidagi “Yangi tong“, Sharof Rashidov tumanidagi “Qo‘rg‘ontepa”, Mirzacho‘l tumanidagi “Botir Islom”, Zarbdor tumanidagi “Musurmon dov”, Zomin tumanidagi “Bek” fermer xo‘jaliklarining nomlarini alohida qayd etish lozim.
Ayni paytda maydonlarda o‘rim-yig‘im ishlari qizg‘in davom etmoqda. Mavsum yakunida jizzaxlik g‘allakorlar 850 ming tonna yoki o‘tgan yilga nisbatan 150 ming tonna ko‘p g‘alla yetishtirishlari kutilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari