Do‘stlik tumani G‘afur G‘ulom nomli mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan iftorlik tadbiri ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Unda tuman bosh imom-xatibi A. Abdurasulov ishtirok etib, 180 nafar nuroniy hamda mahallaning ehtiyojmand, kam ta’minlangan fuqarolari ishtirokida ma’rifiy suhbat o‘tkazdi.
Suhbatda saxovat va mehr-oqibat fazilatlari, imkoniyati cheklangan insonlarga himmat ko‘rsatishning savobi va ijtimoiy ahamiyati borasida atroflicha so‘z yuritildi. Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini oshirishga qaratilgani alohida ta’kidlandi. Iftorlik dasturxoni atrofida aytilgan samimiy mulohazalar va ezgu tilaklar tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.


***
Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan tizimda qonuniylikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir tashkil etildi. Unda Paxtakor tumani FVB shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi mas’ullari tomonidan xizmat intizomiga qat’iy rioya qilish, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari, qonunchilik talablarining mazmun-mohiyati, axborot xavfsizligini ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik kabi dolzarb masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shuningdek, diniy ekstremizm va radikal g‘oyalarning salbiy oqibatlari, onlayn qimor o‘yinlarining jamiyat hayotiga zararli ta’siri haqida fikrlar bildirildi.


***
Jizzax shahrida markaziy ichimlik suvi tarmoqlarini yangilash ishlari jadal davom etmoqda.
Prezidentning “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasida shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturi» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida foydalanish muddati o‘tgan 27,4 kilometr hamda 12,5 kilometr uzunlikdagi magistral tarmoqlar bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinmoqda. Loyiha Turkiyaning Faysel kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Hozirga qadar qariyb 25,5 kilometrlik markaziy tarmoqda ishlar yakunlandi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ishlar to‘liq yakunlangach, 150 ming nafar aholi toza va sifatli ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlanadi.

***
Xalq deputatlari Mirzacho‘l tuman Kengashi 7-Guzar saylov okrugi deputati muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan Fozilbek Hasanov hamda Anvar Junusovning oila a’zolari bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida harbiy xizmatchilarning kelgusidagi rejalari, ularni xizmatdan so‘ng ish bilan ta’minlash, kasb-hunar egallashi va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilayotgan yoshlarning ertangi hayotini munosib yo‘lga qo‘yish, ularga keng imkoniyatlar yaratish davlat va jamiyat oldidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.


Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri