Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
11:36 / 2026-02-13

Jizzax viloyatidan 30 nafar pedagog malaka oshirish va ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida Turkiya Respublikasiga yo‘l oldi.

Malaka oshirish jarayonida o‘qituvchilar ushbu mamlakat ta’lim muassasalari faoliyati, zamonaviy o‘qitish metodikalari hamda ta’lim jarayonini tashkil etishning samarali modellari bilan yaqindan tanishadi. Shuningdek, o‘zaro tajriba almashish, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish imkoniyatlari muhokama qilinadi.

Mazkur safar pedagoglarning kasbiy mahoratini yuksaltirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

***

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatimizda yirik korxonalar tomonidan 43,1 trillion so‘mlik kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu 2024-yilga nisbatan 21,7 foiz o‘sishni ta’minladi.

Jizzax viloyatida esa o‘tgan yil davomida 576,3 milliard so‘mlik yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgani hududda sohaning barqaror rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

Viloyatda yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilib, to‘qimachilik hamda tikuv-trikotaj korxonalari faoliyati kengaymoqda. Mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga e’tibor qaratilishi aholi bandligini ta’minlash va sanoat ulushini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

***

Sharof Rashidov tumanida “Payshanba – huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan keng qamrovli profilaktik tadbir o‘tkazildi.

Tadbir avvalida viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbari tomonidan xizmatga jalb etilgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va jamoatchilik vakillariga huquq-tartibotni ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan manzilli suhbatlar o‘tkazish, ko‘p qavatli uylarda xavfsizlikni kuchaytirish, kompleks profilaktik chora-tadbirlarni joriy etish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Shundan so‘ng, tuman hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan amaliy ishlar bajarildi.

***

G‘allaorol tumanida viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarining sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.

Unda sud, prokuratura, adliya va soliq idoralari vakillari ishtirokida 20 ga yaqin fuqaro o‘z murojaatlari bilan qatnashdi. Murojaatlar belgilangan tartibda joyida ko‘rib chiqildi.

Xususan, 6 nafar fuqaroning pasport olish masalasi ijobiy hal etilib, ularga ID-kartalar topshirildi.

Shuningdek, mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi uchun mahalla yettiligi a’zolari rag‘batlantirildi. Ijrosi vaqt talab qiladigan murojaatlar yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berilib, nazoratga olindi.

***

Abu Ali ibn Sino nomidagi Do‘stlik jamoat salomatligi texnikumida “Ilm va ayol: barqaror jamiyat sari” haftaligi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Unda tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Muqaddas Suyunova, ziyoli ayollar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm-fan va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, qizlarning bilim va salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Motivatsion chiqishlar va ma’naviy suhbatlar tadbirga mazmun bag‘ishladi.

Yakunda faol va iqtidorli qizlar tuman hokimligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri