Prezidentimizning parlament va xalqimizga qilgan murojaatlari mazmun-mohiyatini joylarda keng targ‘ib etish, shuningdek, 2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Yangiobod tumanida deputat va saylovchilar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputati Murodbek Rahmonberdiyev ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida ishtirokchilarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlarga boy faoliyatiga bag‘ishlangan “Yil va yo‘l” hujjatli filmi namoyish etildi.
Suhbat davomida saylovchilar tomonidan 20 dan ortiq savol, taklif va murojaatlar bildirildi. Deputat barcha masalalar yuzasidan atroflicha javob berib, ko‘tarilgan muammolarning ijrosi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etilishi va shaxsiy nazoratida bo‘lishini ta’kidladi.
***
G‘allaorol tumani hududida obodonlashtirish va sanitariya holatini yaxshilash ishlari izchil davom ettirilmoqda. Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan markaziy ko‘chalarda keng ko‘lamli tozalash va tartibga keltirish ishlari olib borilmoqda.

Xususan, piyodalar yo‘laklari, yo‘l bo‘yidagi yashil hududlar, daraxtlar atrofi hamda umumiy foydalanishdagi joylar tozalanib, chiqindilar belgilangan tartibda yig‘ilib olib chiqilmoqda.
Ushbu tadbirlar aholi uchun qulay va sog‘lom ekologik muhit yaratish, tuman hududining ko‘rkamligini oshirish hamda jamoat tozaligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.


***
Sharof Rashidov tumanida “Inson qadri” tamoyili asosida ezgu va xayrli tashabbus amalga oshirildi.
Tuman hokimligi, “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi hamda Mahallalar uyushmasi tuman bo‘limlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir doirasida “Yaxtanlik”, “Ziyokor” va “Qo‘shko‘prik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi, bolaligidan nogironligi bo‘lgan farzandlarni tarbiyalayotgan oilalar holidan xabar olindi. Ularga ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bilan birga moddiy yordam ham ko‘rsatildi.

Bunday xayrli ishlar jamiyatda mehr-oqibat, insonparvarlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. Ushbu tadbirlar tumanning boshqa hududlarida ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.


***
Zomin tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir tashkil etildi.
Unda Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shaxsiy xavfsizlik bo‘limi bosh inspektori, podpolkovnik Marat Atabekov ishtirok etdi.

Tadbir davomida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlash, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, xizmat kiyimini kiyish madaniyati, odob-axloq qoidalariga rioya etish masalalari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, xizmat faoliyatida mas’uliyat va qonuniylikni ta’minlash muhimligi alohida ta’kidlandi.

***
Do‘stlik tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy yondashuvni keng joriy etish maqsadida o‘quv seminari tashkil etildi.
Tumanning “Oybodom” fermer xo‘jaligida bo‘lib o‘tgan ushbu seminarda g‘allachilik sohasida yuqori hosildorlikka erishish masalalari muhokama qilindi. Seminar davomida mutaxassislar tomonidan g‘alladan gektariga 100–120 sentnerdan ortiq hosil olishning ilmiy-amaliy usullari, mavsumiy dala ishlarini to‘g‘ri tashkil etish, agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish bo‘yicha atroflicha tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, G‘allachilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari fermerlarga g‘allani oziqlantirish, mineral o‘g‘itlardan oqilona foydalanish hamda hosildorlikni oshirishga qaratilgan amaliy tavsiyalarni ham taqdim etishdi.


Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri