Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
19:29 / 2025-12-16

2025–2026 o‘quv yili uchun “Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi stipendiyasi” g‘oliblari ro‘yxati e’lon qilindi. Quvonarlisi, ushbu nufuzli stipendiya sohiblari orasida Jizzax politexnika institutining ikki nafar talabasi ham bor.

Tanlovning so‘nggi bosqichida respublika oliy ta’lim muassasalarida yo‘l muhandisligi yo‘nalishida tahsil olayotgan 30 nafarga yaqin iqtidorli talaba ishtirok etdi. Mazkur bosqich yakunlariga ko‘ra, JizPIning 4-bosqich talabalari Hakim Yusupov va Charos Mamadaliyeva g‘olib deb topilib,  “Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi stipendiyasi” ga sazovor bo‘ldi.  

Bu esa institutda yo‘l muhandisligi sohasida malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.

***

Yangi yil bayrami arafasida Mirzacho‘l tumanida “Namunali madaniyat markazi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimligi, madaniyat bo‘limi, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Yangi markaz aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, ularning madaniy ehtiyojlarini qondirish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi.  

Shuningdek, markaz faoliyati orqali milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarni o‘zida mujassam etgan ijodiy dasturlar shakllantirish, xalq ijodiyoti va badiiy havaskorlik san’atini saqlash va rivojlantirish, turli ijodiy jamoalar va havaskorlik guruhlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilgan.

***

G‘allaorol tumanida kuz-qish mavsumida aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ullari tomonidan xonadonma-xonadon yurilib, aholining yashash joylarida gaz va elektr jihozlarining texnik holati, isitish tizimlarining to‘g‘ri ishlashi o‘rganilmoqda.  

Shu bilan birga, fuqarolarga yong‘in xavfsizligi qoidalari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, amaliy tavsiyalar berilmoqda.  

Ushbu tadbirlar kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarning oldini olish, aholining ogohlik darajasini oshirish va xavfsizlik madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan.

***

Respublikamiz bo‘ylab “Jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash” sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan aholini rag‘batlantirish tadbirlari izchil davom etmoqda.  

Jizzax shahar hokimligi yig‘ilishlar zalida 30–70 yosh oralig‘idagi aholidan ixtiyoriy hamda maxsus sport normativlarini bajargan erkak va ayollarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbirda ishtirokchilarga Sport vazirligi tomonidan taqdim etilgan guvohnomalar, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishonlari hamda sport kiyimlari topshirildi.  

***

Forish tuman adliya bo‘limi huzuridagi davlat xizmatlari markazi tomonidan aholiga yanada qulaylik yaratish, xalq bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va muammolarga joyida yechim topish maqsadida “mahallabay” tizim asosida ishlar olib borilmoqda.  

Ayniqsa, tumanning chekka va olis hududlarida sayyor davlat xizmatlarining ko‘rsatilishi fuqarolar va tadbirkorlar uchun katta yengillik yaratmoqda. Navbatdagi sayyor qabul “Osmonsoy” mahallasida tashkil etilib, mahalla aholisiga namunali davlat xizmatlari ko‘rsatildi.  

Shuningdek, markaz xodimlari tomonidan qonunchilikdagi yangiliklar va o‘zgarishlar yuzasidan tushuntirish hamda targ‘ibot ishlari ham olib borildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri