Jizzaxda “Jadidlar izidan” tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlandi. Bayramona ruhda o‘tgan marosimda g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 6–8-sinflar yo‘nalishida G‘allaorol tumani 73-maktab o‘quvchisi Flyura Almamatova, 9–10-sinflar toifasida esa Zomin tumani 47-maktab o‘quvchisi Jasurbek Abdug‘afforovlar 1-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

Ushbu tanlov uch yildan buyon jadidlar merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilib kelmoqda. G‘oliblarni endi respublika bosqichi kutmoqda, unda g‘olib chiqqanlar xorijga ta’lim sayohati yo‘llanmasi bilan taqdirlanishadi.
***
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyat bo‘limi tashabbusi bilan “Mahoratli notiq” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Barcha tumanlardan kelgan ishtirokchilar notiqlik mahorati, savodxonlik va ijtimoiy mavzuni ochib berish ko‘nikmalari bo‘yicha bahslashdilar.

Hakamlar hay’ati tomonidan Farog‘at Zoidova (Jizzax shahri) mutloq g‘olib deb topildi. U endi respublika finalida viloyat sharafini himoya qiladi.
***
Jizzax shahri markazidagi “Istiqlol” bolalar bog‘ida “Yashil makon” dasturi doirasida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.


Hududga archa va boshqa manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, bolalar uchun qulay va sog‘lom muhit yaratishga harakat qilinmoqda.
***
Majburiy ijro byurosi Paxtakor tuman bo‘limida “Yangi O‘zbekiston uchun birlashaylik” shiori ostida korrupsiyaga qarshi profilaktika tadbiri o‘tkazildi.

Uchrashuvda korrupsiyaning mamlakat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat xizmatchilari o‘rtasida halollik va mas’uliyatni yanada kuchaytirish masalalari muhokama etildi.
***
Zomin tumanida “Kitobsevar millat” shiori bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda o‘quvchilar, ota-onalar va o‘qituvchilar uchun turli yo‘nalishdagi badiiy asarlar, tarixiy kitoblar, ensiklopediyalar va zamonaviy yoshlar adabiyotlaridan iborat keng ko‘lamli kitob ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Ishtirokchilar yangi nomdagi adabiyotlar bilan tanishib, o‘zlari uchun kerakli kitoblarni xarid qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Albatta, bunday tadbirlar yoshlarda kitob o‘qishga qiziqishni kuchaytirish, bilimga chanqoqlikni oshirish va maktablarda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri