Rossiya Federatsiyasi Valday milliy tabiat bog‘ida “Bioxilma-xillik, ekologiya va ekoturizm” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning yirik qo‘riqxona hududlaridan biri sanalgan Zomin Milliy tabiat bog‘i xodimlari ham ushbu tadbirda ishtirok etib qaytishdi.
Mazkur konferensiyada Zomin Milliy tabiat bog‘ining ilmiy bo‘lim xodimi Sayidrasul Barakayev o‘rmon ekotizimlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash va archa o‘rmonlarini muhofaza qilish bo‘yicha ma’ruza qildi.
Tadbir davomida mutaxassislar bioxilma-xillikni saqlash, noyob flora va fauna turlarini monitoring qilish hamda ulkan o‘rmon massivlari ekotizimlarini barqarorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashishdi.

***
Jizzax shahar “Zargarlik” MFY hududida shahar “Nuroniy” bo‘limi faollari va “Buvijonlar maktabi” a’zolari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari ekish tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda mahallada yashil hududlarni ko‘paytirish, aholida tabiatga muhabbat va ekologik ongni oshirish maqsad qilindi. Unda nuroniy otaxon va onaxonlar, faol ayollar, yoshlar va ko‘ngillilar ishtirok etishib, hududni obodonlashtirishga o‘z hissalarini qo‘shishdi.


***
Do‘stlik tumanining barcha mahallalari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” ko‘rik-tanlovi joriy yilda ham yuqori saviyada tashkil etilib, tanlov jarayonida mahallalarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, xonadonlar ko‘rkamligi, ko‘chalar tozaligi, fuqarolarning faolligi va tashabbuskorligi har tomonlama o‘rganildi va belgilangan mezonlar asosida baholandi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra – “Bunyodkor” MFY a’zolari birinchi o‘rinni egallab, viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi.


***
Sharof Rashidov tumanining hokimi Asilbek Ashurov boshchiligida “mahalla yettiligi” a’zolari ishtirokida o‘tkazgan yig‘ilishda maishiy chiqindilarni yig‘ish, ichki ko‘chalar va umumfoydalanish joylarini tozalash masalalari muhokama qilindi.
Mavjud kamchiliklar tahlil qilinib, bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Tuman hokimi mahallalarda tozalik va obodonlashtirish ishlari sifati va aholi uchun qulay sharoitlarni ta’minlash borasida zarur choralarni ko‘rish har bir mahalla yettiligi a’zolarining vazifasi ekanini alohida ta’kidladi.

***
Ichki ishlar vazirligi “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Jizzax viloyat kengashi tomonidan Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida yengil atletika bo‘yicha 100, 400 va 3 ming metr masofalarga yugurish musobaqasi o‘tkazildi. Sport tadbirida viloyat huquqni muhofaza qiluvchi barcha organlar xodimlari qatnashishdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Jizzax viloyati IIB, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda Milliy gvardiya va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmalari jamoalari egalladi. G‘oliblar medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.



A.Qayumov, O‘zA muxbiri