Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari — qisqa satrlarda
16:50 / 2025-11-04

Samarqand shahrida o‘z ishini boshlagan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Sardor Shukurullayev UNESCO vakillari, xorijiy elchilar hamda turizm va madaniyat sohasi mutaxassislari bilan qator norasmiy uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Uchrashuvlar chog‘ida madaniy merosni asrash, turizm infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Daniyaning UNESCOdagi muvaqqat vakili Anna Mariye Vuyetmann bilan bo‘lgan muloqotda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

UNESCO ning Samarqand sessiyasi barqaror rivojlanish yo‘lida global hamkorlikni mustahkamlash sari muhim amaliy qadam sifatida e’tirof etilmoqda.

***

Jizzax viloyatida “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining shahar va tuman bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda. Tanlov Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20 noyabrdagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.

Baxmal tumanida o‘tkazilgan bosqichda yoshlar ijtimoiy faollik, yetakchilik salohiyatlari hamda mahallada yoshlar bilan ishlashdagi tajribalarini namoyish etishdi.

Ishtirokchilar Nizom talablariga muvofiq 10 ta yo‘nalish bo‘yicha bellashdilar. G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Tanlov yoshlar yetakchilarining tashabbuskorligini rag‘batlantirish, ularning jamoat hayotidagi o‘rni va mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

***

Paxtakor tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari izchil davom etmoqda. Hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, ko‘p qavatli uylarning isitish tizimlari to‘liq tekshirildi va zarur ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Shu bilan birga, ko‘chalar, hovlilar va jamoat joylarida obodonlashtirish hamda tozalik ishlari muntazam olib borilmoqda. Chiqindilar maxsus texnikalar yordamida belgilangan tartibda olib ketilmoqda.

Ko‘rilgan choralar tuman aholisi uchun qulay va munosib yashash sharoiti yaratishga, hududning obod va toza bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan.

***

Zafarobod tumanining  Pistalikent mahallasida kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘quvchilar, ularning ustozlari va mahalla faollari ishtirok etib, kitobning inson tafakkuri va ma’naviy tarbiyasidagi o‘rni haqida fikr almashdilar.

O‘quvchilar tomonidan badiiy asarlardan parchalar o‘qildi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi hamda kitobxonlik bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi. Faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Tadbir yakunida “Bir oila – bir kitob” tashabbusi ilgari surilib, ota-onalarni ham kitobxonlikka jalb etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ushbu sa’y-harakatlar yoshlarda kitobga bo‘lgan muhabbatni oshirish, o‘qish madaniyatini mustahkamlash va sog‘lom dunyoqarashni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

***

Sharof Rashidov tumanida umumta’lim maktablarining ingliz tili o‘qituvchilari uchun “Professional Growth for English Teachers: Teach Smart, Inspire More” (Ingliz tili o‘qituvchilari uchun kasbiy rivojlanish: Aql bilan o‘qit, ilhom bag‘ishla) mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Seminar Prezidentning 2024 yil 27 iyundagi “Yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosining doirasida tashkil etildi.

Ishtirokchilar uchun ochiq darslar, master-klasslar va tajriba almashuv sessiyalari o‘tkazildi. Ular milliy hamda xalqaro imtihonlarga tayyorgarlikning samarali usullari bilan tanishdilar.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri