Sharof Rashidov tumanida kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, yong‘inlar, is gazidan zaxarlanish va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Tadbirlar davomida mutaxassislar tomonidan aholi bilan bevosita muloqotlar olib borilib, maxsus tayyorlangan eslatma va bannerlar orqali yong‘in xavfsizligi hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.


***
Forish tuman adliya bo‘limi davlat xizmatlari hamda yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarining xodimlari tomonidan Prezidentning 2024 yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida” gi farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida “Huquqiy mahalla” konsepsiyasi doirasida turli xildagi tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Shunday tadbirlarning birida bu ikki markaz xodimlari “Egizbuloq” MFYda yashovchi aholi, jumladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolar xonadonlariga tashrif buyurishib, ularning muammolarini o‘rganishdi.

Fuqarolarga qonunchilikda nazarda tutilgan huquq va imtiyozlar haqida tushuntirishlar berishdi. Aniqlangan huquqiy muammolar “Huquqiy mahalla” platformasiga kiritilib, ijrosi nazoratga olindi.
***
Jizzax viloyat prokurori va viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida Zomin tumani “Mustaqillik” MFY da muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbirda hududda jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholi va sayyohlar osoyishtaligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Joriy yil davomida sodir etilgan qonunbuzarliklar tahlil qilinib, ularning sabab va omillari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, mahallada kriminogen vaziyatni barqaror saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Mas’ullarga jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.

***
Yangiobod tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi ishchi-xodimlari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish uchun joy tayyorlanmoqda.

Hududda yer tekislanib, ko‘chat uchun chuqurlar qazilib, sug‘orish tizimi yangilanmoqda. Ushbu tashabbus atrof-muhitni obodonlashtirish, yashil hududlar sonini ko‘paytirish va ekologik muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi. “Yashil makon” — bu nafaqat daraxt ekish, balki kelajak avlod uchun sog‘lom va toza muhit yaratish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
***
Mirzacho‘l tumani “Bog‘bon” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi kanal bo‘yida aholining maroqli dam olishi va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida dam olish va ko‘ngilochar maskanlar barpo etilmoqda.

Hozirga kelib, hududda piyodalar yo‘laklari, o‘rindiqlar, yoritish tizimlarini o‘rnatish, yashil maydonlarni barpo qilish, shu bilan birgalikda, infratuzilmani yangilash va elektr tarmoqlarini zamonaviy usulda ko‘chirish ishlari ham amalga oshirilmoqda.

Loyiha yakuniga yetgach, sohil hududi nafaqat aholi uchun dam olish va sport bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi, balki tadbirkorlar uchun ko‘ngilochar va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishda yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Yangi qiyofaga kirayotgan sohil hududi zamonaviy, qulay va ekologik jihatdan sog‘lom dam olish maskaniga aylanadi.
A. Qayumov, O‘zA