Zafarobod tumanidagi Bo‘ston mahallasida joylashgan 1-sonli umumta’lim maktabida “Jadidlar izidan” tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ma’rifiy tadbir yosh avlodni tarixiy xotira va milliy o‘zlikka hurmat ruhida tarbiyalash, jadidlar merosiga qiziqishini kuchaytirishga qaratildi.
Tanlovda iqtidorli o‘quvchilar jadidlar harakati, ma’rifiy g‘oyalari, ijodiy merosi va milliy uyg‘onishdagi roli haqida o‘z bilimlarini namoyish etishdi.

***
Jizzax politexnika institutida talabalarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozoriga tayyorlash va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Institut rektori, professor Alisher Usmankulov “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax filiali direktori Jasur Baltayev bilan uchrashdi va ular dual ta’lim, amaliyot jarayonlari va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga oid aniq vazifalarni belgilab olishdi.

Rektor ta’lim jarayonini mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiqlashtirish, bitiruvchilarni qobiliyati va qiziqishiga qarab ish bilan ta’minlash masalasi ustuvor vazifa ekanini alohida ta’kidladi.


***
Yangiobod tumanida maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari uchun “Liderlik mahoratini rivojlantirish” mavzusidagi masofaviy kurslar davom etmoqda.
Mazkur o‘quv kurslari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Singapurning “Marshall Cavendish Education” tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, 198-sonli buyruq asosida amalga oshirilmoqda.

Ushbu kursda 10 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbarlari ishtirok etmoqda. Unda samarali boshqaruv, yetuk rahbarlik, innovatsion yondashuvlar va tizimli tashkilotchilik qobiliyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir.

***
Zomin turizm va madaniy meros texnikumi maxsus fan o‘qituvchisi Amina Nurmuxammedova Hindistonning Agra va Nyu-Dehli shaharlarida o‘tkazilgan 10 kunlik xalqaro malaka oshirish o‘quvlarida qatnashib qaytdi.

U “Hindistonda turizm sohasidagi imkoniyatlar va islohotlar” mavzusidagi tajriba almashinuv jarayonida turizmni rivojlantirish, madaniy merosni asrash va undan samarali foydalanish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan tanishdi.

Xorijadagi malaka oshirishdan so‘ng, u texnikum o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun 6 soatlik ochiq dars o‘tkazdi. Mazkur darslarda xalqaro amaliyot, turizm sohasidagi global tendensiyalar va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

***
Paxtakor tumanida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy hokimlik, jamoat tashkilotlari va mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda davlat xizmatchilari o‘rtasida halollik va mas’uliyatlilikni oshirish, korrupsiyaga qarshi profilaktik tadbirlarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mutasaddilar so‘nggi yillarda hokimlik tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar orqali bunday salbiy holatlarning oldi olinayotgani, bunda jamoaviy mas’uliyat, shaxsiy o‘rnak va ochiqlik prinsiplari ustuvor bo‘layotganini ta’kidlab o‘tishdi.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri