Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
20:03 / 2025-10-17

G‘allaorol tumanidagi Olimlar mahallasida aholi uchun sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladigan zamonaviy “Alleya” sog‘lomlashtirish yo‘laklari barpo etilmoqda.

Loyiha doirasida piyodalar yo‘laklari, dam olish maskanlari, o‘rindiqlar va ko‘kalamzor hududlar tashkil etish ishlari jadal sur’atda amalga oshirilmoqda. Bunday infratuzilmalar nafaqat aholining sog‘lom hayot tarziga hissa qo‘shadi, balki mahallaning ekologik va estetik qiyofasini yaxshilashga ham xizmat qiladi.

***

Jizzax politexnika instituti kibersport fakultetida “Kitobxon talaba” loyihasi doirasidagi tanlov o‘tkazildi. 

Uning asosiy maqsadi – talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mustaqil fikrlaydigan va ilmiy salohiyatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. 

Tanlov davomida talabalar o‘qib chiqqan asarlari yuzasidan fikr almashishdi, bilim va tafakkur sinovida o‘z qobiliyatlarini namoyon etishdi. Tadbir yoshlar siyosatini amalga oshirishda muhim qadam sifatida baholandi.

***

Forish tumanidagi 59-umumta’lim maktabida Xonbandi mahallasida yashaydigan bitiruvchi qizlar va ularning onalari ishtirokida “Erta turmush qurish va tug‘ruqlarning oldini olish, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash” mavzusida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. 

Tadbirda Forish tuman hokimining o‘rinbosari Ra’no Daulanova so‘zga chiqib, erta nikoh va uning salbiy oqibatlari haqida atroflicha tushuncha berdi. Uning ta’kidlashicha, erta homiladorlik yosh ayolning salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi va bu holat ularning ta’lim olishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga to‘siq bo‘lishi mumkin. 

Tadbirda ta’lim muassasalari, mahalla va oila hamkorligini mustahkamlash, targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

***

Zarbdor tumani hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilorom Xolmirzayeva Tinchlik mahallasining ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Uchrashuvda aholining mavjud muammolari, ehtiyojlari va takliflari tinglanib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Bunday muloqotlar joylardagi muammolarni o‘rganish, aholining ijtimoiy holatini yaxshilash hamda faollikni oshirishga xizmat qilmoqda.

***

Jizzax shahar soliq inspeksiyasida faol xizmat qilayotgan soliq xodimlarining ota-onalari bilan samimiy uchrashuv tashkil etildi. 

Tadbirda Jizzax viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Zafar Mamanazarov ishtirok etib, soliq xizmati faoliyatining mas’uliyatli jihatlari haqida so‘z yuritdi. U, shuningdek, tizimda erishilayotgan yutuqlarda oilaning tinchligi va yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi muhim o‘rin tutayotganini alohida ta’kidladi. 

Tadbir yakunida xizmatda alohida faollik ko‘rsatayotgan xodimlarning ota-onalariga soliq boshqarmasi rahbariyati nomidan tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri