Toshkent shahrida tashkil etilgan “Marhabo, talantlar – 2025” Respublika ko‘rik-tanlovida jizzaxlik yosh iste’dod o‘z yutug‘i bilan e’tirofga sazovor bo‘ldi.
G‘allaorol tumanidagi 15-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida “An’anaviy xonandalik” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan 3-sinf o‘quvchisi Lazizbek Rahmatullayev ushbu tanlovda faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

***
Jizzax viloyati qo‘g‘irchoq teatrida 14–15 oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Dog‘iston Respublikasi qo‘g‘irchoq teatri ijodkorlari tomonidan “Dyumovochka” spektakli namoyish etildi. Mazkur teatr tashrifi viloyatdagi yangi mavsumga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar doirasida amalga oshirildi.
– Joriy yilning 5 oktyabrida biz teatrimizning 85-mavsumini ochdik va ilk ijodiy safarimiz aynan Jizzax viloyatida o‘tkazilayotganidan mamnunmiz, – deydi Dog‘iston Respublikasi qo‘g‘irchoq teatri badiiy rahbari Aminat Yaxyayeva. – Jizzaxda bizni hurmat va ehtirom bilan kutib olishganidan va namoyishimiz bolajonlarga xush yoqqanidan juda mamnunmiz. Gastrolimiz hali davom etadi.

***
O‘qituvchilar malakasini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlardan samarali foydalanish maqsadida Baxmal tumanidagi 89 ta umumta’lim maktabida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” doimiy ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Bu tashabbus Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 246-sonli buyrug‘i asosida amalga oshirilmoqda. Har hafta belgilangan kunlarda tashkil etiladigan seminar, master-klass va tajriba almashinuvi tadbirlari orqali o‘qituvchilar o‘z bilim va mahoratlarini oshirishmoqda.

***
Zomin tumanidagi “Laylak uya” MFY hududida joylashgan ZM1-6 kanalida olib borilayotgan betonlashtirish ishlari jadal sur’atda davom etmoqda. Loyiha orqali suv xo‘jaligi infratuzilmasi takomillashib, suv resurslaridan oqilona foydalanishga sharoit yaratilayotir.
Qurilish ishlarini “To‘palang HPD Holding” MCHJ amalga oshirmoqda. Jarayonga 36 nafar malakali mutaxassis, 3 ta ekskavator, 1 ta buldozer, 15 ta avtosamosval va 5 ta maxsus texnika jalb qilingan.
Shuningdek, kanalga 730 dona LR-8 va LR-10 turdagi lotok tarmoqlari o‘rnatilmoqda. Kanalda suv yo‘qotish darajasi keskin kamayib, dehqon va fermer xo‘jaliklariga suv yetkazib berish samarasi oshishi kutilmoqda.

***
Zarbdor tumanida maktabgacha ta’lim tizimida bolalar ovqatlanishi sifati yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining hamshiralari, oziq-ovqat bo‘yicha mas’ullar va yetkazib beruvchi autsorsing kompaniyalar rahbarlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 iyuldagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror ijrosi muhokama qilinib, bolalarning sog‘lom ovqatlanish tizimini yanada takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbirda ishtirok etgan tuman prokurori R.Masharipov va tegishli idoralar vakillari tomonidan nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va amaliy tavsiyalar berilishi ta’kidlandi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri