Baxmal tuman hokimi Aziz Ergashev Fayzobod mahallasidagi sanoat korxonalari faoliyati va amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Tashrif davomida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, ichki bozor ta’minoti va eksport salohiyati masalalari ko‘rib chiqildi. Korxona rahbarlari bilan muloqot chog‘ida ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsiyalarni jalb etish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, tuman hokimi mavjud muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, so‘nggi yillarda tumanda sanoat hajmi oshib borayotgani, mahalliy xom ashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlanmoqda.
***
Arnasoy tumani ichki ishlar bo‘limi jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi tomonidan “Xavfsiz hudud – dolzarb 20 kunlik” profilaktik tadbirlari doirasida mahkumlar bandligini ta’minlashga qaratilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbirda sohaning tegishli mutaxassislari ishtirok etib, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot berishdi. Har bir ish o‘rnining vazifa va talablari ishtirokchilarga alohida tushuntirildi.
Yarmarka natijasida jazo o‘tayotgan ikki nafar fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra ishga joylashtirildi. Bunday tadbirlar probatsiya hisobida turgan shaxslarning jamiyatga moslashuvi va mehnat orqali ijtimoiy hayotga qaytishiga xizmat qilmoqda.
***
Zarbdor tumani hokimi Bekzod Tashpulatov tumandagi “Jahongir Shaters” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Spirtsiz ichimliklar va mineral suv ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxona yiliga 21 ming tonnadan ziyod mahsulot tayyorlash quvvatiga ega.

Korxonada 10 nafardan ziyod xodim mehnat qilmoqda. Joriy yilning yanvar–avgust oylarida ishlab chiqarilgan mahsulot hajmi 5 milliard 500 million so‘mdan oshgan. Tashrif doirasida ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Shu bilan birga, korxona aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish orqali tuman iqtisodiyotiga hissa qo‘shmoqda.
***
Mirzacho‘l tumanida Jizzax viloyatining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari rahbarlari ishtirokida aholi bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Qabul jarayonida fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan bildirilgan turli masalalar tinglanib, ularni joyida hal etish uchun tegishli mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.
Ushbu qabulda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Bobir Ismoilov 10 nafarga yaqin tadbirkor bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ularning muammolarini o‘sha yerning o‘zida hal qildi.

Bunday ochiq muloqotlar joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezda hal etish, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
***
Sharof Rashidov va Paxtakor tumanlari Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari xodimlari tomonidan hududdagi qurilish ob’ektlari, sanoat korxonalari va paxta qabul qilish maskanlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik borasida tushuntirish ishlari olib borildi. Ushbu targ‘ibot tadbirlarida profilaktik suhbatlar ham o‘tkazilib, amaliy tavsiyalar berildi.
A.Qayumov, O‘zA