Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan “Uzum sayli” xalqaro festivalida Jizzax viloyatining mirishkorlari faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Viloyat o‘z milliy stendi bilan ishtirok etgan bu yirik tadbirda uzumchiligining qadimiy tarixi va bugungi yutuqlari keng targ‘ib qilindi. Xususan, Forish, Zomin va Baxmal tumanlarida yetishtirilayotgan tabiiy va shirin uzumlar yuqori baholanib, festival ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish uyg‘otdi. Viloyatning folklor dasturi, milliy raqslari va qo‘shiqlari esa tadbirga tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy mehmonlarga o‘zgacha ma’naviy ruh baxsh etdi. Jizzaxning boy an’analari va mehmondo‘stligi keng ommaga namoyon bo‘ldi.


***

Zomin tumanida Jizzax viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda mas’ul xodimlar uchun “Davlat tashkilotlari tomonidan murojaatlar bilan ishlash tartibi” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda murojaatlarni qabul qilish, ularni ko‘rib chiqish jarayonlari va javob berish tartiblari hamda murojaatlarni ko‘rib chiqishga oid normativ-huquqiy hujjatlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar va amaliyotda foydalanish uchun zarur ko‘nikmalarni yangiladilar.
***


Yangiobod tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda “Yangiobod Gaz” gaz ta’minoti bo‘limi hamkorligida yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida amaliy-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi. Mashq davomida obektda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘in holatlari shartli ravishda yaratildi va ularni bartaraf etish bo‘yicha xodimlarning malakasi oshirildi. Shuningdek, o‘quv mashqi jarayonida maxsus texnika va birlamchi o‘t o‘chirish vositalarini ishlatish, jabrlanganlarga tez yordam ko‘rsatish hamda ularni xavfsiz joyga evakuatsiya qilish tartiblari amaliyotda bajarildi. Bunday tadbirlar mahalliy aholi va ishlab chiqarish ob’ektlari xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
***


Do‘stlik tumanida shahar va tuman prokurorlari, ichki ishlar organlari rahbarlari hamda mahalliy hokimlik vakillari ishtirokida jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda davlat rahbarining 2025 yil 18 avgustda qabul qilingan qarori asosida mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash va profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish yo‘nalishlari muhokama qilindi. Seminarda qatnashuvchilar Do‘stlik tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy profilaktika tadbirlari bilan tanishtirildi va mahalla yettiligi tomonidan jamoat tartibini saqlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligi ta’kidlandi.
***
Mirzacho‘l agrosanoat texnikumida yoshlar tarbiyasi va ta’lim-tarbiyada ota-onalar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida samimiyotga to‘la uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i mayyor O. Xolmatov, tuman hokimining yoshlar siyosati va ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari U. Rustamov, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosar D. Mavlonova hamda JDPU maktabgacha ta’lim kafedrasi dotsenti G. Xamidova ishtirok etdi. Ular yoshlar bilan bog‘liq dolzarb muammolar, istiqbolli loyihalar va ma’naviy-ma’rifiy masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Tadbirda texnikum faoliyati, bitiruvchilarning yutuqlari haqidagi taqdimotlar o‘tkazildi, ota-onalar bilan ochiq muloqotda ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi. Uchrashuv yakunida ota-ona, ustoz va jamiyat o‘rtasida hamkorlikning yoshlar kamoloti uchun muhim ekanligi yana bir bor ta’kidlandi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri