French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
16:35 / 2025-08-12

Arnasoy tumanida “Xavfsiz oila – farovon hayot” shiori ostida profilaktik tadbirlar tashkil etilmoqda.

Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Gulzoda Haydarova hamda Ichki ishlar bo‘limi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori Husniya Umirzoqova ishtirokida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlar doirasida Do‘stlik mahallasida xonadonma-xonadon yurib, fuqarolar bilan suhbatlar tashkil etildi.

Aholi bilan muloqotlar chog‘ida ularning ijtimoiy ahvoli, muammolari va ehtiyojlari o‘rganilib, tegishli tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar berildi.

Mazkur tadbirlar oilalarda tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

***

Forish tumanida tashqi reklama ob’ektlari o‘rganildi.

Bu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2023 yil 30 avgustdagi qarorida belgilangan 14-band ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirildi.

Tekshiruvlar chog‘ida tashqi yozuvlar, reklama matnlari va axborot lavhalaridagi qonun buzilishi holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Lotin yozuviga asoslangan alifboda to‘g‘ri imloni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, tadbirkorlar o‘rtasida reklama qonunchiligini buzish oqibatlari haqida keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borildi.

***

Paxtakor tumanidagi “Samarqand” mahallasida “Umummilliy birdamlik” festivali bo‘lib o‘tdi.

“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbir mahalla aholisini milliy birlik va ma’naviy uyg‘oqlikka chorlash, yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratildi.

Festival doirasida milliy kuy-qo‘shiqlar, maktab o‘quvchilari va yosh ijrochilarning badiiy chiqishlari namoyish etildi. Qolaversa, kitob va bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari, milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari savdosi tashkil etildi.

Sport musobaqalari ham o‘tkazilib, festival mahallada ijtimoiy faollikni yuksaltirishda muhim qadam bo‘ldi.

***

Zafarobod tumanida qishloq xo‘jaligida davlat nazorati kuchaytirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 dekabrdagi PQ–465-sonli qarori ijrosi doirasida tuman Fermerlar kengashi hamda fitosanitar nazorat davlat inspektorlari hamkorligida nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Madadkor qush” fermer xo‘jaligida dala chetlariga ekilgan ko‘chatlar va ekinlar holati o‘rganilib, ularni sug‘orish va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlari yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

[gallery-24723]

***

Jizzax viloyatining yoqilg‘i quyish shoxobchalarida xavfsizlik nazorati kuchaytirildi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi asosida Do‘stlik, Sharof Rashidov va Paxtakor tumanlarida Favqulodda vaziyatlar viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan suyultirilgan va siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchalari hamda ular atrofidagi ob’ektlarda tekshiruv ishlari amalga oshirildi.

Tekshiruvlar davomida shaharsozlik va texnik me’yor-qoidalarga rioya etilishi holati o‘rganilib, xavfli jihatlar aniqlandi.

Mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berilib, belgilangan muddatlarda ijrosi ta’minlanishi qayd etib qo‘yildi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri