Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:41 / 2025-08-09

G‘allaorol tumanining markazida joylashgan “Yuksalish” do‘konlar tarmog‘ining G‘allaorol tumani filialida milliyligimizni, millatimizga xos bo‘lgan qadriyatlarni targ‘ibot qilish yo‘nalishida,“Milliy liboslarimiz jilosi” va “Milliy qadriyatlar – millat ko‘zgusi!” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga o‘zbek milliy liboslari namoyish etilib, qatnashchilar bilan yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikka bo‘lgan shukronalik to‘g‘risida suhbatlar tashkil etildi.  

Ma’naviy-ma’rifiy tadbir so‘nggida namoyish etilgan “Tinchlik qadri” nomli videofilm ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.  

***

Sharof Rashidov tumanidagi Yangiobod mahallasining qiyofasi tobora o‘zgarib bormoqda. Mahalladagi ko‘p qavatli uylarning fasadlari ko‘rkam bazalt bilan bilan qoplanib, ularning tashqi ko‘rinishi yaxshilanmoqda. Shu bilan birga, uylarning issiqlik saqlash qobiliyati ortayotgani tufayli energiya tejamkorligi  ta’minlanadi.

Gaz ta’minoti tizimida ham yangilanishlar amalga oshirilib, eski quvurlar almashtirilib, xonadonlarga tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish imkoniyati yaratilmoqda.

Bolalar uchun maydonchalar qurilishi va mahallaning obodonlashtirilishi doirasida gul va daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.  

Bu amaliy ishlar mahallada uzoq yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etishga, aholining kundalik hayotini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

***

Mirzacho‘l tumanida “Hokim va bitiruvchi yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimi Botirjon Mirzaqulov yoshlar bilan ochiq va erkin muloqot qilib, ularning fikr va takliflarini tingladi.  

Uchrashuvda ta’lim, kasb-hunarga yo‘naltirish, chet tillarni o‘rganish va ish bilan ta’minlash masalalari muhokama etildi.

Yoshlar o‘z muammolarini bayon qilish imkoniga ega bo‘lishdi, mas’ul mutasaddilar esa har bir masala bo‘yicha aniq vazifalarni o‘z zimmasiga olishdi.

Tadbirda “Yoshlar balansi”, “Jasorat maktabi”, “Ibrat akademiyasi” va “Shunqorlar spartakiadasi” kabi tashabbuslarni tumanda joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.  

***

Zomin tumanidagi “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘inida mahallaning faol a’zolari, jumladan mahalla yettiligi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holati o‘rganildi.

Suhbatlar chog‘ida har bir oilaning yashash sharoiti, mavjud muammolari va ehtiyojlari atroflicha tahlil qilindi. Ularga yechim topish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

***

Jizzax shahar hokimi Komiljon Xolmurodov sanoat shtabi a’zolari bilan birgalikda “Obod” MFY da joylashgan “Sharof Rashidov nomidagi to‘qimachilik kombinati” da bo‘ldi. Korxona paxta xomashyosini qayta ishlab, kalava ip mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, zamonaviy uskunalarda faoliyat yuritmoqda.  

Hokim ishlab chiqarish jarayoni, mehnat sharoiti va eksport imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, korxona tomonidan yaratilgan yangi ish o‘rinlari, mahsulot sifati va tashqi bozorlarga chiqish istiqbollari bilan qiziqdi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri