Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:48 / 2025-07-28

O‘zbekiston bolalar tashkiloti Jizzax viloyati hududiy bo‘limining tashabbusi bilan bolalarning axborot texnologiyalari va zamonaviy kasblarga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, ularni ilmiy ishlanmalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Sharof Rashidov tumanining eng chekka va olis hududida joylashgan 42-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirokida Jizzax viloyati “IT Park”iga sayohat tashkil etildi.

Sayohat davomida bolalar mazkur parkda yo‘lga qo‘yilgan to‘garaklar va o‘quv kurslari, texnologik ishlanmalar bilan tanishishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan javoblar olishdi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari M. Nurmatova hamda Respublika “Oqila ayollar” harakati yetakchisi O. Musurmonova Jizzax viloyatiga kelishdi.

Dastlab, Sharof Rashidov tumanida bo‘lib, “Oila va xotin-qizlar maskani” faoliyati bilan tanishishdi. U yerda mahalla faollari, tuman “Oqila ayollar" harakati a’zolari bilan uchrashishdi.  

Shuningdek, ayni kunlarda oila qurish istagida bo‘lgan, maskandagi oila maktabi darslarida faol qatnashgan yosh nikohlanuvchilarga sertifikatlar ham topshirildi.

***

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” davlat dasturi doirasida Jizzax viloyati IIB boshlig‘iga biriktirilgan ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, Paxtakor tumanining Oltinko‘l mahallasidagi Alisher Namozov oilasida belgilangan tartibda mavjud muammolarni hal qilish choralari ko‘rilayotir. Yil boshida oilaga bu 33 million so‘m kredit ajratilib, tomorqada issiqxona qurildi va erta bahorda limon va bulg‘or qalampiri ko‘chatlari ekilgan.  

Viloyat IIB boshlig‘i mas’ullar bilan birga ushbu xonadonda bo‘lib, mavjud masalalarga e’tibor qaratdi. Ya’ni yashash joyi uchun kadastr hujjatini rasmiylashtirish, xonadonni ichimlik suvi bilan ta’minlash va tabiiy gaz tarmog‘iga ulash yuzasidan mas’ullarga vazifalar yuklatildi.

***

Yangiobod tumanida Xitoyning Jizzax viloyatidagi “FMWORLD Agrotech” hamda “FMWORLD Cotton Jizzax” MCHJ vakillari bilan paxta yetishtirish bo‘yicha muzokaralar boshlandi.

Xitoylik investorlar tomonidan yer maydonlari borib o‘rganildi. Ushbu hamkorlikning Yangiobod tumanida paxtachilikni rivojlantirish va yangi texnologiyalarni joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.

***

Zarbdor tumanida kambag‘al oila reyestriga kiritilgan, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolar bilan manzilli ishlash davom yetmoqda.

Tuman prokurori R. Masharipov, Mahallalar uyushmasining tuman bo‘limi boshlig‘i T. Qodirov hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining rahbari Z. Mullajonovlar Toza urug‘ va Oqbuloq mahallalariga tashrif buyurishdi.

Uchrashuv davomida nogironlar va yolg‘iz keksalar holati o‘rganildi, ehtiyojmand oilalar bilan suhbat o‘tkazildi.

Bu kabi tashriflar orqali ijtimoiy muammolar joyida aniqlanib, zarur choralar belgilab borilmoqda.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri