Respublika Bosh prokurori birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Prezidentimizning joriy yil 5 mart kuni o‘tkazgan Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengash yig‘ilishida tergov sifatini oshirish va uni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli o‘rganilmoqda.
Jumladan, Jizzax shahar prokuraturasi va shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchilari hamda surishtiruvchilari ish yurituvidagi tergovga qadar tekshiruv materiallari va jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarining olib borilishi tahlil etilib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, shuningdek, amaliyotdagi mavjud muammoli masalalar muhokama qilindi. Tergov sifati va ish samaradorligini yuksaltirish, tergovchilar va yosh mutaxassislarning bilim va malakasini muntazam oshirib borish bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.


***
Sharof Rashidov tumanidagi “n” harbiy qismida viloyat IIO tarkibiy tuzilma va hududiy bo‘limlari xodimlari o‘rtasida “Kasbiy olimpiada o‘yinlari” musobaqasining Jizzax viloyati bosqichi o‘tkazildi.
Qatnashchilarning to‘sinda tortilishi, 100 metr va 3 ming metrga yugurishi, yagona to‘siqlar yo‘lagida umumiy nazorat mashqlarini bajarishi va merganlik mahorati sinovdan o‘tkazildi. Bundan tashqari, soha xodimlarining qo‘l jangi usullarini qo‘llashlariga ham baho berildi. Ishtirokchilarning kasbiy tayyorgarlik hamda kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi bo‘yicha bilimlari ham test sinovidan o‘tkazildi.

Qizg‘in kechgan kasbiy olimpiada o‘yinlarining “Eng yaxshi safdor”, “Eng yaxshi serjant”, “Eng yaxshi kichik ofitser”, “Eng yaxshi katta ofitser” yo‘nalishlari g‘oliblari respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

***
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 11 noyabrdagi “Shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari hamda ichki xo‘jalik yo‘llari infratuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Mirzacho‘l tumanida mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlarini obod qilish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida amaliy ishlar boshlandi.

Jumladan, tuman Xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlangan manzilli dastur asosida tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan “Yerjar” MFYdagi ichki yo‘llar ta’mirlandi.
Darhaqiqat, aholi uchun qulay sharoitlar yaratishda tumandagi har bir mahalla ichki yo‘llariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ezgu ishlarning barchasining tag zamirida inson manfaatlari mujassam.

***
Jizzax viloyati FVB ning kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanishni nazorat qiluvchi mas’ul xodimlari tomonidan “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJ hududida xavfsizlikni ta’minlash va kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanishni nazorat qilish maqsadida profilaktik-nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Suv havzalaridagi kichik hajmli kemalarning sozligi ko‘rikdan o‘tkazildi hamda kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kema egalariga ko‘rsatmalar berildi. 3 ta kichik hajmli kema texnik ko‘rikdan, 7 tasi qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Shuningdek, tadbirlar davomida kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish qoidasini buzgan 2 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu boradagi tadbirlar viloyat hududidagi barcha suv havzalarida davom etmoqda.
Baxmal tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida belgilangan reja asosida “Oqila ayollar harakati” a’zolarining forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, tumandagi “Fidokor” MFY da o‘tkazilgan forum ko‘tarinki ruhda, bahs va munozaralarga boy bo‘ldi. Tadbirni tuman hokimining o‘rinbosari X.Boymurodova ochib berdi. Forumda mahallada amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yosh oilalarni to‘g‘ri yo‘naltirish, nizoli, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirish hamda to‘ylarni ixchamlashtirish borasida ham so‘z bordi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri