Baxmal tumanida “Suv tekin emas” shiori ostida dala maydonlarida takroriy ekinlarni ekish va suvdan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.


O‘zbekiston Fermerlar kengashining hududiy vakili va uning tuman tizimi xodimlari ishtirok etgan tadbirda g‘alladan bo‘shagan yerlarni somondan tozalash, suv kam talab etadigan ekin turlari, ekinlarni sug‘orishda suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash hamda elektr energiyasidan oqilona foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
***
Forishda tuman hokimi Ikrom Matiyev fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazdi. Unda tumandagi mutasaddi korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Ochiq muloqot tarzida kechgan sayyor qabulda aholi tomonidan bandlik, elektr energiya ta’minotidagi uzilishlar, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yordam, soliq to‘lovidagi xatoliklar va boshqa shu kabi masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi.
Ushbu murojaatlarning 40 foizi qabulda ishtirok etgan mutasaddi tashkilot rahbarlari tomonidan tegishliligi bo‘yicha shu joyning o‘zida hal etildi. Murojaatlarning 15 foiziga mutaxassislar tomonidan huquqiy maslahatlar berildi. Qolgan murojaatlar qo‘shimcha o‘rganish va muddat talab etganligi bois, mutasaddi rahbarlarga ijrosi yuzasidan aniq topshiriqlar berilib, ushbu murojaatlarning hal etilishi qat’iy nazoratga olindi.
***
Arnasoy tumanining G‘afur G‘ulom mahallasiga biriktirilgan mas’ul xodim ishtirokida mahalla xonadonlari o‘rganildi. O‘rganishlar jarayonida nafaqat aholining ijtimoiy holati va yashash sharoitlari, balki har bir xonadonning tomorqa yerlaridan unumli foydalanish holatlari ham ko‘zdan kechirildi.

Tomorqalar, ulardan samarali foydalanish darajasi, ekilgan ekinlar va bo‘sh turgan maydonlar bo‘yicha aholi bilan individual suhbatlar o‘tkazildi. Mas’ul xodim tomonidan zarur tavsiyalar berilib, bo‘sh tomorqalardan unumli foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borildi.
Mazkur ishlar aholi bandligini ta’minlash, mahallaning iqtisodiy faolligini oshirish va tomorqachilik orqali daromad manbalarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
***
Sharof Rashidov tumanida “Yo‘l-transport hodisasi va huquqbuzarliklardan xoli hudud” profilaktik reyd tadbiri o‘tkazildi.

Reyd davomida soha xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida targ‘ibotlar olib borildi. IIO probatsiya guruhi nazoratidagi shaxslarning belgilangan cheklovlarga amal qilishlari ham tekshirilib, jamoat joylarida spirtli ichimlik iste’mol qilish, yonida o‘tkir tig‘li jismlarni olib yurish kabi holatlar bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bemaqsad yurgan kishilar shaxsiga aniqlik kiritildi.

Shuningdek, viloyat IIB mas’ullari tomonidan “Qang‘li” va “Pastki so‘loqli” MFY profilaktika inspektorlari yurituvidagi hujjatlar ko‘zdan kechirilib, ularga zarur amaliy yordam ko‘rsatildi. Shu kuni viloyat YHXB inspektorlari harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha reydlar olib borishdi.
***
Jizzax viloyati IIB Patrul-post xizmati bataloni hamda viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari hamkorligida joylarda nazorat va profilaktik tadbirlar tashkil etilmoqda.

Do‘stlik tumanida o‘tgan tadbirda tabiiy hududlar rejimiga rioya etilishi, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash va to‘plangan chiqindilarning o‘z vaqtida olib chiqilishiga e’tibor qaratildi.

Ekoreyd davomida belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash va somon poyalarini yoqib yuborish kabi 9 ta huquqbuzarliklar yuzasidan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri