Sharof Rashidov tumanida “Oqila ayollar harakati” a’zolarining forumi bo‘lib o‘tdi. Unda harakat a’zolarining tumandagi faoliyati, ayollarni ijtimoiy hayotga keng jalb etish, ularning huquqiy va iqtisodiy bilimlarini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.


Tadbirda harakat a’zolari tomonidan maxsus tayyorlangan murojaatnoma o‘qib eshittirildi va undagi g‘oyalar ishtirokchilarga yetkazildi. Forum yakunida esa o‘z faoliyati bilan tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan eng faol ayollar tuman hokimligining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori doirasida Forish tumanida “Nuroniy” jamg‘armasining tuman bo‘limi tomonidan “G‘ayratli keksalar” shiori ostida sportning mini-futbol turi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi.


Musobaqalarda nuroniylardan tashkil topgan jamoalar ishtirok etdi. Qiziqarli va keskin kurashlarga boy bo‘lgan turnirda 1-o‘rinni “Xonbandi” MFY nuroniylari, 2-o‘rinni “Oqtepa” va 3-o‘rinni "Amir Temur" MFY nuroniylari jamoasi egalladi. Musobaqa g‘oliblariga diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Jizzax viloyati Zomin tumaniga Xitoy Xalq Respublikasi Pekin shahridagi “China CAMC Engineering Co., Ltd.” kompaniyasi rahbari boshchiligidagi investorlar tashrif buyurdi.


Mehmonlarga tumandagi mavjud infratuzilma, investitsiya uchun istiqbolli loyihalar, xususan, turizm sohasidagi imkoniyatlar taqdim etildi. “Zomin turistik rekreatsion zonasi” DUK direksiyasi “China CAMC Engineering Co., Ltd.” kompaniyasi bilan muzokara o‘tkazib, unda Zomin tumanida osma dor yo‘li qurilishini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
***
Do‘stlik tumani IIB JXX Probatsiya guruhida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan tuman IIB boshlig‘i va tuman prokurori uchrashdi. Mahkumlarning jazo o‘tash tartib-qoidalariga amal qilishlari, qayta jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasliklari tushuntirildi.

O‘tkazilgan sayyor sud majlisida jazo o‘tash tartibiga amal qilgan 6 nafar shaxs jazodan muddatidan oldin shartli ozod etildi va jazo o‘tashdan bo‘yin tovlagan 1 nafar shaxsning jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
Tadbir so‘ngida probatsiya nazoratidagi ishsiz shaxslar uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi hamda probatsiya nazoratidagi yoshlar tuman hududida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan tanishtirildi.
***
Kitob – insonning eng yaxshi do‘sti. U kishini fikrlashga undaydi, tafakkur manbaini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun kitobga muhabbat, uni qadrlash, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoq xalqimizga xos bo‘lgan fazilatlardan biri hisoblanadi.


Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarida shaxsiy tarkib uchun o‘tkazilgan kitob yarmarkasida ham kitobsevarlar o‘zbek va jahon adabiyoti durdona asarlaridan bahramand bo‘lishdi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri