Baxmal tumani hokimligida “Xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitishni tashkil etish va ularning faoliyatini monitoring qilish” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari S.Bekmurodova, tuman hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i X.Boymurodova, tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Z. Ko‘liyev hamda tumanning faol xotin-qizlari ishtirok etdi.
Seminar doirasida Prezidentimizning joriy yil 14 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining mazmun va mohiyati, xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida o‘quv-kurslarini tashkil etish tartibi, o‘quv rejalari va dasturlar haqida atroflicha ma’lumotlar berilib, o‘zaro tajriba almashildi.

***
Mamlakatimizda hozirda davom etayotgan “Dolzarb 90 kun” doirasida yoshlar bilan tizimli uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan Jizzax shahar hokimi K.Xolmurodov tashabbusi bilan “Hokim va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvda shahar hokimi yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, imkoniyat va ishonch haqida so‘z yuritdi. Yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, ta’lim, tadbirkorlik, innovatsiyalar va bandlik masalalari bo‘yicha ochiq muloqot olib borildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, ularni qiynayotgan muammolar hamda taklif va mulohazalari bilan Jizzax shahar hokimi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotda bo‘lishdi.

***
Do‘stlik tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi uchun yana bir qator yangi xizmat turlari yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimizning 2025 yil 8 maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etildi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1 iyunidan boshlab, o‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida quyidagi 5 turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Endilikda uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi qatnov asosida qarab turish hamda shaxsiy yordamchi xizmatlari joriy etildi.

***
Forish tumanida madaniyat maskanlari xodimlari ishtirokidagi “Giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi” doirasida giyohvandlik va uning ayanchli oqibatlari, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va psixotrop vositalarining tarqalishining oldini olishga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i M. Narqozoqov “XX asr – vabosi” deya e’tirof etilayotgan giyohvandlik, uning ayanchli oqibatlari yoshlar o‘rtasida psixotrop moddalari tarqalishining oldini olish va unga qarshi kurash yuzasidan batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.
Tadbirda yoshlar o‘rtasida madaniy-ma’rifiy tadbirlarni yanada kuchaytirish, mahallalarda yoshlar ishtirokida davra suhbatlari, uchrashuv va boshqa ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etib borish yuzasidan kelishib olindi.

***
Zomin tumanida sog‘lom va mustahkam oilalarni shakllantirish, yoshlarning oila hayotiga ongli va mas’uliyatli yondashuvini ta’minlash maqsadida “Yosh kelin-kuyovlar maktabi” doirasida navbatdagi o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mazkur tadbir tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda tuman FHDYO bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarda yangi oila qurishga tayyorlanayotgan yigit-qizlar, shuningdek, yosh oilalar ishtirok etdi. Mutaxassislar tomonidan oilaviy-huquqiy munosabatlar, ajralishlarning oldini olish, sog‘lom muhitda farzand tarbiyalash, oila boshqaruvida o‘zaro hurmat va sabr-toqatning ahamiyati haqida muhim ma’ruzalar va ochiq suhbatlar o‘tkazildi.


Davra suhbatlari davomida yoshlar oila hayotida uchrashi mumkin bo‘lgan muammolar yuzasidan fikr almashishdi, real hayotiy misollar asosida tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida o‘quv mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bo‘lajak kelin-kuyovlarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri