Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
17:14 / 2025-05-26

Jizzax viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning mavjud muammolarni hal etish va biznes vakillariga amaliy yordam ko‘rsatishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.

Respublika Biznesni rivojlantirish banki raisi o‘rinbosari Bahromxo‘ja Sharipov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ijroiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Bahodir Toshmatov, ushbu tizimlarning viloyatdagi rahbarlari hamda vohadagi faol tadbirkorlar ishtirok etgan uchrashuvda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatida uchrayotgan muammolarni aniqlash va ijobiy hal etish borasida fikr almashildi.  

Ishtirokchilar bank xizmatlari, moliyaviy resurslarga erishish, hududiy infratuzilmani takomillashtirish yuzasidan qator taklif va murojaatlarini bildirdi.

***

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 26 sentyabrdagi “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida Arnasoy tumanida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, tumanning Bo‘ston mahallasida aholi tashabbusi bilan 2 gektar yer maydonida zamonaviy issiqxonalar tashkil etildi. Ayni paytda ushbu issiqxonalarda pomidor, bodring, turli xil ko‘katlar va bozorda talab yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. Bu esa nafaqat mahalliy ehtiyojlarni qondirishga, balki ortiqcha mahsulotlarni bozorga chiqarish orqali aholining daromadini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mahalla raisi hamda hokim yordamchilari tomonidan aholining tadbirkorlikka jalb etilishi, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va tomorqalardan samarali foydalanish bo‘yicha manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu orqali aholi bandligi ta’minlanib, ijtimoiy barqarorlikka hissa qo‘shilmoqda.

***

Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Dolzarb 30 kun” tadbirlari doirasida G‘allaorol tumanida joylashgan “Marjonbuloq oltin boyitish” aksiyadorlik jamiyati hududida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda xizmatlararo hamkorlikni sinovdan o‘tkazish maqsadida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Mashg‘ulotda AJ rahbariyati, FVB xodimlari, “Tez tibbiy yordam” va boshqa tegishli xizmatlar shartli holatda harakatga keltirildi. Voqea joyida qutqaruv, evakuatsiya va yong‘in o‘chirish ishlari izchil amalga oshirildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarning harakatlari baholanib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Jizzax viloyat hududiy shu’basi tomonidan Baxmal tumanida jismoniy va yuridik shaxslar uchun sayyor qabul o‘tkazildi.

Unda fuqarolar va yuridik shaxslar hamda korxona va tashkilotlarning internet tarmog‘ini yaxshilash, tog‘li hududlardagi aholi yashash joylarida mobil va simli aloqa vositalarining sifatini oshirish, yangi telekommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazoratni kuchaytirish hamda raqamli televideniye qamrovini kengaytirish yuzasidan murojaatlari tinglandi.

Qabul yakunida mutasaddilarga olis, tog‘li hududlarni mobil aloqa bilan ta’minlash, ayniqsa, turizm ob’ektlarida wi-fi tarmog‘ini kengaytirish hamda murojaatlarning ijobiy yechimi yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

***

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi sport maktabi o‘yingohida “Yangi O‘zbekiston – Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqasining uchinchi mintaqaviy bosqichi doirasida yengil atletika yo‘nalishidagi bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada Sharof Rashidov, Paxtakor va Zafarobod tumanlaridan kelgan ming nafardan ortiq yosh sportchi ishtirok etdi.

Musobaqa yakunida g‘olib sportchilar Jizzax viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Savurboyev, Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev va boshqalar tomonidan tantanali tarzda taqdirlandi.

Mazkur musobaqa viloyatda sportning ommalashuvi va yosh avlodni sog‘lom hayot sari yetaklashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri