Jizzax viloyatida FVB va uning tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida daxldor tashkilotlar bilan hamkorlikda qirg‘oqlarni mustahkamlash va o‘zanlarni tozalash tadbirlari olib borilmoqda.
Ushbu jarayonda sel oqimlari va suv toshqinlarini xavfsiz o‘tkazib yuborish maqsadida daryolar, kanallar va ichki ariqlar o‘zanlarini tozalash ishlari amalga oshirilayotir. O‘rganishlar davomida ma’sullarga kerakli taklif va tavsiyalar berilmoqda.
Shuningdek, G‘allaorol va Arnasoy tumanlari bo‘limlari xodimlari bilan birgalikda oylik doirasida korxona, tashkilot va muassasalarda ishchi va xizmatchilar bilan zilzila va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda aholini to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatishga doir seminarlar va profilaktik tadbirlar belgilangan jadval asosida tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, oylik doirasida Mirzacho‘l, Baxmal, Do‘stlik va Paxtakor tumanlarida favqulodda vaziyatlar bo‘limlari xodimlari tomonidan bozorlar, savdo majmualari va ovqatlanish joylarida profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.
***
Baxmalda tuman hokimi Aziz Ergashev 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda yoshlar tomonidan ishga joylashish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, sport infratuzilmasini rivojlantirish, ijtimoiy loyihalarga ko‘mak berish, fan va ta’lim hamda ijodiy loyihalar kabi masalalar ilgari surildi.
Bildirilgan taklif va muammolarning ijobiy yechimi yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklanib, qisqa fursatlarda ijrosini ta’minlash maqsadida chora-tadbirlar belgilanib olindi.
Ana shu masalalarning ijrosi tuman hokimining qat’iy nazoratida bo‘lishligi ta’kidlandi.
***
Zarbdor tuman prokuraturasi va Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi hamkorligida Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan probatsiya xizmatida nazoratda turgan mahkumlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda 50 nafar jazo o‘tayotgan mahkum ishtirok etib, ularga nazorat qoidalarini buzmaslik va qayta jinoyat sodir etmaslik yuzasidan tushuntirish va ko‘rsatmalar berildi. Shu kungi bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lgan, yo‘l qo‘ygan xatosini tushunib, undan pushaymon bo‘lgan 5 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan avval ozod etildi.
Bundan tashqari, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan 7 nafar probatsiya nazoratidagi shaxsga sertifikatlar topshirildi.
***
G‘allaorol tuman adliya bo‘limi, Yuridik markaz va DXM xodimlari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari va o‘sha hududlardagi umumta’lim maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirokida “Mening mahallamda jinoyat bo‘lmaydi” dasturi doirasida huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Ushbu tadbirlar doirasida “mahalla yettiligi” va maktablar mehnat jamoalariga davlatimiz rahbarining joriy yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida atroflicha tushuntirishlar berildi.
Jumladan, Buloqboshi mahallasi va shu hududdagi 77-sonli umumta’lim maktab jamoasi birinchi chorak uchun huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”da har bir mas’ul tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar hamda adliya vazirining “Xotin-qizlarga huquqiy ko‘mak” huquqiy aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi.
***
Mirzacho‘l tumanidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi kambag‘al oilalar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar sharoitini yaxshilash va qishloq xo‘jaligi faoliyatiga kirishish maqsadida 70 sotix yerga issiqxona qurib berildi. Bandlik vazirligi hamda “Agrobank” ATB mas’ullari tomonidan 70 sotix yerga issiqxona qurilishi ishlari amalga oshirilishi avval o‘rganildi.
Vaqtincha band bo‘lmagan aholining issiqxonadan yil davomida foydalanish imkoniyatlari yaratildi. Ushbu loyiha barqaror daromad manbasi bo‘lishi kutilmoqda. Issiqxona faoliyati bilan bog‘liq ishlar nafaqat qishloq xo‘jaligi faoliyatini rivojlantirish, balki oila uchun yangi ish o‘rinlari va daromad manbasini ham yaratish imkoniyatini beradi.
[gallery-22618]
A.Qayumov, O‘zA muxbiri