G‘allaorol tumani adliya bo‘limi tomonidan “Uzunbuloq” va “Xonimqo‘rg‘on” MFYlar hamda ushbu hududlardagi umumta’lim maktablarida targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Prezidentimizning joriy yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida aholining huquqiy ongi, ijtimoiy faolligi va fuqarolik mas’uliyatini oshirish, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muammolarni hal etish maqsadida o‘tkazilayotgan tadbirlarga jamoatchilik vakillari, nuroniylar, mahalla faollari, o‘quvchi-yoshlar keng jalb qilinayotir.
[gallery-21916]
Tadbirlarda firibgarlik uchun jazo muqarrar ekanligi qonun hujjatlari bilan tushuntirilib, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berilmoqda.
***
Forish tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi xodimlari “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari joriy etilayotgan tumanning “Uchma” MFY Deriston qishlog‘ida aholi o‘rtasida turli yuqumli kasalliklarning oldini olish, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish yuzasidan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdi.
Ushbu tadbirda qo‘lbola usulda tayyorlangan va sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilmaslik, botulizm kasalligi va uning kelib chiqish sabablari haqida ham tushuntirish ishlari olib borildi.
Aholiga turli yuqumli kasalliklarning oldini olish mavzusidagi targ‘ibot materiallari va bukletlar ham tarqatildi. Qishloqdagi 20-sonli umumta’lim maktabi hamda aholi xonadonlarida yuqumli kasalliklarga qarshi zararsizlantirish ishlari bajarildi.
***
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga asosan turizm ob’ektlarida ijodiy jamoalarning teatrlashtirilgan tomosha va konsert dasturlarini tashkil etish vazifasi belgilab qo‘yilgan.
Zomin tumani madaniyat bo‘limi tasarrufidagi “Zomin sayqali” folklor- etnografik xalq ansambli “Zomin” sanatoriyasi hududida joylashgan “Suffa – 2400”, “Dor yo‘li” va “Baxt ko‘prigi” turizm ob’ektlariga tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun teatrlashtirilgan konsert dasturini namoyish etdi.
Tadbir xorijiy va mahalliy turistlarga xush kayfiyat bag‘ishlab, ijobiy taassurot qoldirdi.
***
Jizzax viloyati IIB JXX JTSB karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi hamda viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari hamkorligida ta’lim muassasalari va aholi xonadonlarida uy hayvonlarini saqlash tartibi va ularda uchraydigan turli yuqumli kasalliklar bilan kasallanishning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari uyushtirilmoqda.
Shuningdek, oziq-ovqat va dehqon bozorlarida olib borilgan nazorat tadbirlarida veterinariya-sanitariya tartibiga rioya qilish lozimligi tushuntirilib, noma’lum sharoitda tayyorlangan mahsulotlar sotilishining oldi olinayapti. O‘z navbatida belgilangan talabni buzganlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari ko‘rilayapti.
Bundan tashqari, fuqarolarning chorva mollari va uy hayvonlarini emlash ishlari ham nazoratga olingan.
***
Jizzax shahar hokimi K.Xolmurodov Mirzo Ulug‘bek mahallasida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolari va takliflarini tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida yoshlar ish bilan ta’minlash, ta’lim olish, sport va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi o‘z fikrlarini bayon etdi.
Jizzax shahar hokimi har bir masalaga alohida e’tibor qaratib, mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berdi. Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularga kasb-hunar o‘rgatish va biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash borasida aniq chora-tadbirlar belgilandi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri