Jizzax viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan “Zomin” turistik-rekreatsion zonasiga kelayotgan sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududda faoliyat yuritayotgan mehmonxona va turistik firmalar mas’ul shaxslari hamda gid-tarjimonlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Unda xodimlarga O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq faoliyat yuritish, qonunchilikka zid xatti-harakatlarni amalga oshirmaslik, sayyohlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Ye-myehmon” elektron tizimida ro‘yxatga olish tushuntirildi.


Shuningdek, xorijiy davlatlar fuqarolarini yurtimizga turist sifatida olib kelib, ularning respublika hududida bo‘lishini nazorat qilmay, qarovsiz qoldirmaslik yuzasidan profilaktik tushuntirishlar berildi.
***
G‘allaorol tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi psixologlar guruhi mutaxassislari tomonidan “Mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarda kasbiy kuyishning oldini olish va ish samaradorligini oshirish” loyihasi asosida trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.


Trening ijtimoiy xodimlarda shaxslar bilan muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, ish jarayonida stress holatini tushirish, kayfiyatni yaxshilash, mehnat samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
***
Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyev tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan bir guruh yoshlar bilan uchrashdi.

Tadbirda Prezidentimizning yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor tarzidagi yig‘ilishda belgilangan vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Muloqot davomida yoshlarning reja va tashabbuslari tinglandi. Tuman hokimi yoshlar tomonidan bildirilgan takliflarni ma’qulladi va har doim qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
***
Baxmal tumani adliya bo‘limi tomonidan mahallalar yettiligi uchun onlayn seminar tashkil etildi.

Tadbirda jinoyatlarning oldini olishda profilaktik ishlarning o‘rni, qonun va qoidalarga amal qilmaslik uchun javobgarlik muqarrarligi, firibgarlik, aldov va tovlamachilik jinoyatlarining aholi orasida ko‘payib borishi aynan huquqiy savodxonlikning yetishmasligidan kelib chiqayotganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ularning mehnat faoliyatida kerak bo‘ladigan barcha ma’lumotlar to‘liq yetkazilib, kelajakdagi rejalar belgilab olindi. Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan tadbirda ishtirokchilarning barcha savollariga atroflicha javob berildi.
***
Mirzacho‘l tumani maktabgacha va maktab ta’limiga qarashli umumta’lim maktablari o‘quvchilarining ota-onalari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.Unda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, dars mashg‘ulotlariga muntazam ravishda kelmayotgan o‘quvchilar bilan ishlash, ularning ota-onalariga tushuntirishlar berish, erta turmush qurishning salbiy oqibatlari kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.


Tabdir so‘ngida yuqorida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha maktab ma’muriyati hamda o‘quvchilarning ota-onalari bilan mavjud muammo va kamchiliklarni hamjihatlikda bartaraf etishga kelishib olindi.
A.QAYUMOV, O‘zA