English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
11:25 / 2025-01-06

Jizzax shahrida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yotib qolgan bemorlar va nuroniy otaxon hamda onaxonlar holidan xabar olinib, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatilmoqda.

[gallery-21149]

Jizzax shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Haydarov hamda shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Olmos Gadoyev tashabbusi bilan shaharning Oqqo‘rg‘onlik, Xayrobod, Zahiriddin Muhammad Bobur nomli va Shodlik mahallalaridagi ehtiyojmand hamda ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

***

Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov boshchiligidagi “mahalla yettiligi” vakillari tajriba almashish maqsadida Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanining “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida tashkil etilgan kasanachilik maskani, “Yangi O‘zbekiston” MFYda esa kavrakchilik bilan yaqindan tanishib, tajriba o‘rgandi.

Ma’lumot o‘rnida: ilmiy tilda nomi “ferulla” bo‘lgan kavrak (kovul) o‘simligini yetishtirib, hosilini olish yaxshi daromad keltiruvchi biznes turi bo‘lib, Dehqonobod aholisining asosiy daromad manbalaridan biri kavrakchilik hisoblanadi.

***

Zafarobod tumani oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan “E’tirof – 2024” tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan, jamoatchilik ishlarida faollik ko‘rsatgan va xotin-qizlar o‘rtasida namuna bo‘lib kelayotgan bir qator ayollar taqdirlandi.

Tuman hokimi o‘rinbosari Shohida Mavlonova barcha xotin-qizlar o‘z maqsadlariga yetishi yo‘lida qo‘llab-quvvatlanishi, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish muhim ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, tadbirda qatnashgan faol xotin-qizlarga esdalik sovg‘alar va tashakkurnomalar topshirildi.

***

Prezidentning Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov Zarbdor tumani “Nurafshon” MFYda bo‘lib, bu yerda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va mahallani og‘ir hudud toifasidan chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan tanishdi. 

Hududda elektr va ichimlik suvi tarmoqlarining tortilishi, ichki yo‘llarga shag‘al yotqizish jarayoni o‘rganildi hamda mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, tumandagi “Yangikent” MFYdagi “Ko‘k” hamda “Ravot” MFYdagi “Mangulik” qabristonlarida bo‘linib, qabristonlarni obod qilish, marosimlar o‘tkazish hamda ziyoratga keluvchi fuqarolarga shart-sharoit va qulayliklar yaratib berish zarurligi  ta’kidlandi.

***

Mirzacho‘l tumani hokimi Botirjon Mirzaqulov “Mustaqillik” MFYda istiqomat qiluvchi 11-sinf bitiruvchilarining ota-onalari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda ota-onalarga farzandlarining ta’lim- tarbiyasiga e’tibor qaratish, yoshlar xorijiy tillarni va biron kasb-hunarni o‘rganishi kerakligi tushuntirilib, buning uchun tumanda barcha shart-sharoit yaratilganligi ta’kidlandi. 

Shuningdek, tuman hokimi boshchiligida sektorlar rahbarlari migratsiyadagi yoshlar bilan onlayn uchrashdi. Unda tuman hokimi so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan e’tibor, ularning ta’lim-tarbiya olishi, tadbirkorlikka yo‘naltirish, ish bilan ta’minlanishida olib borilayotgan islohotlar, jumladan, bu borada tumanda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida gapirdi.

A.Qayumov,

 O‘zA muxbiri