Baxmal tumani sektorlar rahbarlari hududlardagi ijtimoiy soha hamda ishlab chiqarish ob’ektlari va aholi xonadonlarining qish mavsumiga tayyorgarligini o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda.
Jumladan, Baxmal tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, 3-sektor rahbari Erkin Narzullayev boshchiligidagi ishchi guruh 5-sonli umumta’lim maktabi va “Yuksalish” NNT maktabining isitish tizimi va yoqilg‘i zaxirasini ko‘zdan kechirdi.

Shundan so‘ng mas’ullar tuman elektr tarmoqlari va “Jizzax gaz ta’minoti” korxonasi tuman filialida bo‘ldi. Joriy qish mavsumida elektr energiyasi va gaz ta’minotida bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarda ijtimoiy soha ob’ektlarini muqobil energiya bilan ta’minlash yuzasidan birlamchi zaxiralar va kerakli uskunalar mavjudligi hamda navbatchi brigadalarning shay holatda ekanligi atroflicha o‘rganildi.
***
Forish tumanidagi “O‘xum” MFYda “mahalla yettiligi” tomonidan xonadonma-xonadon yurish orqali xorijiy davlatlarda ishlayotgan va ishlab qaytgan fuqarolar muammolari o‘rganilmoqda.

O‘tkazilayotgan o‘rganishlar davomida xorijiy davlatlarda ishlab yurgan va ishlab qaytgan fuqarolar hamda ularning oila a’zolari bilan suhbatlar o‘tkazilib, ular duch kelayotgan muammolar qayd etib borilmoqda.
O‘rganishlar davomida aniqlangan muammolar tuman hokimi rahbarligida tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda imkon darajasida tezroq hal etish chora-tadbirlari ko‘rilayotir.
***
Jizzax shahar mahallalardagi yoshlar yetakchilarining faoliyati yuzasidan hisobotlari tinglanib, har bir yetakchining o‘z mahallasida yoshlar bilan olib borgan ishlari, erishilgan natijalar va mavjud muammolar muhokama qilindi.

Hisobotlar davomida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, xorijiy tillarni o‘qitish, turli loyihalar va tadbirlar orqali ularning qobiliyatlarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.


Shuningdek, kelgusidagi rejalar belgilab olindi, mahalla yetakchilariga aniq topshiriqlar berildi. Mazkur jarayon yoshlar yetakchilari ishini tizimli tashkil etish, ularning faoliyat samaradorligini yanada oshirish va mahallalarda yoshlar muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda “Vatan himoyachilari kuni” oldidan Jizzax garnizonidagi “n” harbiy qism targ‘ibot guruhi hamda Zafarobod tuman mudofaa ishlar bo‘limi tomonidan tumanidagi umumta’lim maktablari bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri” shiori ostida uchrashuv o‘tkazildi.

Ushbu uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – xalq va armiya yakdilligini yanada mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda aholi o‘rtasida milliy armiyamizga g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yanada oshirishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.
O‘quvchilarni qiziqtirgan harbiy sohaga oid savollarga “n” harbiy qism ofitser va serjantlari batafsil javoblar berdi.
***
Zarbdor tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan 2024-2025 yilgi qish mavsumida “Yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish chora-tadbirlari” yuzasidan tungi vaqtda favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar olib borilmoqda.

Tadbir davomida ob’ektlarda tunda qoladigan ishchi xizmatchilarning tungi navbatchilik faoliyati davomida isitish tizimlarining sozligi ko‘zdan kechirilib, qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanish holatlarining oldini olish choralari ko‘rilayotir.

Shuningdek, xodimlarga yong‘in xavfsizligi texnika qoidalari tushuntirilib, ularga rioya qilishlari so‘ralmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA