Prezidentimizning 2024 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyati delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning London shahrida bo‘lib qaytdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Sardor Shukurullayev delegatsiya rahbari sifatida ushbu xizmat safari davomida Buyuk Britaniya davlatidan xorijiy sayyohlarni Jizzaxga jalb etish maqsadida “Transindus Limityed” tur kompaniyasi boshqaruvchi direktori Amrit Singx xonim bilan “B2B” tarzidagi uchrashuvda ishtirok etdi.
Shuningdek, 500 million kishilik xalqaro auditoriyaga ega “BBC Global Nyews” Yevroosiyodagi tijorat vakolatxonasi rahbari, “Dars Films” kompaniyasining ijrochi prodyuseri Sergey Stanovkin bilan S.Shukurullayevning olib borgan muzokaralari davomida Jizzax viloyatini dunyo hamjamiyatiga keng tanitish, targ‘ib qilish va turistlar oqimini oshirishga xizmat qilishi kutilayotgan “Mintaqada quyosh chiqishi” loyihasi muhokama qilindi.
***
Jizzax shahrining “Zargarlik” MFY hududida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar bilan qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
“Xavfsiz hudud – dolzarb 50 kun” maxsus profilaktik tadbiri doirasida uyushtirilgan ushbu tadbirda viloyat hamda Jizzax shahar IIO mutasaddilari savdo do‘konlarida yuz berayotgan o‘g‘irliklar, ularning sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillar tilga olinib, do‘konlarni kuzatuv kameralari bilan jihozlash, eshik va derazalarga panjara qo‘yish lozimligi tushuntirildi.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi qo‘riqlash bo‘limi texnik qo‘riqlash markazi mas’ullari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida ham ma’lumotlar berildi.
***
Jizzax shahridagi “O‘rda” ekologik bog‘ida “Psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish” oyligi hamda 1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurashish kuni munosabati bilan aholi va yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish va unga qarshi kurashish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida “5000 qadam piyoda!” shiori ostida yugurish marafoni o‘tkazildi.
Unda Jizzax shahridagi idora, tashkilot va muassasalar xodimlari, oliy, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari o‘quvchi, talaba va yoshlari faol ishtirok etganini ta’kidlab o‘tish joiz.
2 mingdan ortiq aholi va yoshlar Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda qatnashdi.
***
Jizzax viloyati prokuraturasi organlari tomonidan ehtiyojmand va boquvchisini yo‘qotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Jumladan, Zomin tumani prokuraturasi tashabbusi bilan tumandagi shu toifa oilalarda tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan 50 nafar o‘g‘il bolaga homiylik asosida sunnat to‘yi tadbiri o‘tkazilib, jajji bolajonlarga sovg‘a-salomlar ulashildi.
O‘tkazilgan tadbir davomida xushovoz xonandalar ijrosidagi sho‘x kuy-qo‘shiqlar barcha bolajonlar hamda yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.
***
Jahon bankining Yaponiya Ijtimoiy taraqqiyot jamg‘armasi granti va O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda moliyalashtirilgan, qishloq ayollarining biznes ko‘nikmalari va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan “Qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Zomin tumanida “Ishbilarmon ayollar”, “Shirin”, “Begoyim” loyihalari doirasida ajratilgan mablag‘larning samarali yo‘naltirilgani o‘rganilib, xorijlik ekpertlar ularning ishiga yuqori baho berdilar.
[gallery-20636]
A.Qayumov, O‘zA muxbiri