Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:41 / 2024-10-14

Jizzax viloyati tadbirkorlik markazi treneri D.Allayorova boshchiligida bichuvchi-tikuvchi, hunarmandchilik va zardo‘zlik yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar bilan birgalikda G‘allaorol tumanidagi “Ayollar daftari”ning 5-bosqich 1-toifasiga kiritilgan xotin-qizlar uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.

Unda 70 nafarga yaqin tadbirkorlik qilish istagini bildirgan, hunarmandlik, bichuvchi-tikuvchilik va zardo‘zlikdan uquvi bo‘lgan uyushmagan xotin-qiz ishtirok etdi. O‘quv-seminar davomida ishtirokchilarga yuqori malakali mutaxassislar tomonidan malaka saboqlari o‘tildi.

***

Forish tumani “Bog‘don” MFYnini jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish maqsadida Jizzax viloyat prokurori Baxtiyor Ibrohimov hamda Forish tuman hokimi Ikrom Matiyev ishtirokida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

Seminar davomida “mahalla yettiligi” faoliyati o‘rganildi. Mahalladagi bitta chorraha va 3 ta jamoat ob’ektiga kuzatuv kameralari o‘rnatildi.  

“Bog‘don” mahallasini jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan mutasaddilarga zarur topshiriq, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

***

Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Nuroniylar” jamg‘armasi Do‘stlik tuman bo‘limlari hamkorligida “Keksalar haftaligi” doirasida “Manas” MFYdagi 5- va 12-sonli umumta’lim maktablarida mahalla aholisi va yoshlari ishtirokida “Mahallada notinch oilalar muhitini o‘rganish” hamda “Oilaviy ajrimlarning oldini olish” mavzularida davra suhbatlari tashkil etildi.  

Ushbu tadbirlarda mahalla “Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati” a’zolarining ma’ruzalari hamda ko‘p yillardan buyon ahil oila bo‘lib yashab kelayotgan bobo va momolarning turmush faoliyatlaridagi hayotiy hikoyalari katta qiziqish va e’tibor bilan tinglandi.

***

Yangiobod tumanida mahallalarni iqtisodiy- ijtimoiy rivojlantirish va aholi turmush sharoitlarini yanada yaxshilash borasidagi ishlar jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Xususan, mahalla va qishloqlarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash borasida ham rejali ishlar olib borilib, aholi va transport vositalari harakati uchun qulaylik yaratilmoqda.

Shu jumladan, tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tumandagi “Sarmich” MFY hamda “Xo‘jamushkent” QFYdagi ichki yo‘llarga shag‘al yotqizilmoqda. Bu kabi xayrli ishlar tumanning boshqa mahallalarida ham reja asosida amalga oshirilishi belgilangan.

***

Zafarobod tumanida “Sektor rahbarlari va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tuman hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latov, tuman prokurori Husniddin Bektemirov, tuman IIB boshlig‘i Bahrom Musurmonov, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jasur Alimqulov, shuningdek, tuman hokimi o‘rinbosarlari, yoshlar yetakchilari va yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda tuman hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latov so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan e’tibor, ularning ta’lim-tarbiya olishi, tadbirkorlikka yo‘naltirish, ish bilan ta’minlashda tumanda olib borilayotgan  ishlar to‘g‘risida gapirdi.

Uchrashuvda yoshlarning  taklif va murojaatlari tinglanib, ular tomonidan berilgan savollarga sektor rahbarlari batafsil javob berdi.

A.Qayumov,

O‘zA muxbiri