G‘allaorol tumanidagi “Lalmikor” mahalla fuqarolar yig‘inida “Keksalar haftaligi” doirasida bo‘lib o‘tgan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbirida shu hududda istiqomat qilayotgan faxriy nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda bunday uchrashuvlar yoshlarni tafakkur qilishga, yurt istiqboli uchun mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Muloqot davomida o‘tgan kunlarni xotirlash, bugungi o‘zgarishlarga shukrona aytish kelajak sari katta maqsadlar belgilab olishga xizmat qiladi.
Tadbir so‘nggida nuroniy otaxon va onaxonlar bir piyola choyga taklif qilinib, madaniyat xodimlari tomonidan konsert dasturi namoyish qilindi.

***
Zarbdor tumani hokimi O‘zbekiston mahallalar uyushmasi va “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limlari rahbarlari hamrohligida tumanda Prezidentimizning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi hamda “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlarning ahvolini o‘rgandi.

Ushbu o‘rganishlar jarayonida ayrim ehtiyojmand xonadonlarga kirilib, fuqarolar bilan suhbatlar o‘tkazildi, ularning sharoiti bilan yaqindan tanishildi, murojaatlari tinglandi.
Shuningdek, og‘ir ahvoldagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, ularning xohish va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, doimiy bandligini ta’minlash, daromadini oshirishga ko‘mak ko‘rsatish va har bir oila bilan manzilli ishlashda qonuniylikni ta’minlash yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

***
Forish tumanida 2024- 2025 yillar qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, uni betalafot o‘tkazish, energetika hamda gaz tizimlarining barqaror ishlashini ta’minlash, aholi, tashkilot va muassasalar hamda iqtisodiyot tarmoqlarida elektr energiyasi va gaz resurslarini yetkazib berishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan o‘rganish va targ‘ibot ishlari davom etmoqda.
Xususan, ishchi guruhlari tomonidan “Xonbandi” MFY hududidagi ijtimoiy soha ob’ektlari, ko‘p qavatli uylar hamda aholi xonadonlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida aniqlangan kamchilik va muammolar guruh a’zolari ko‘rsatmasi asosida mutaxassislar tomonidan zudlik bilan bartaraf etilmoqda.

***
Jizzax viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i B.Tashpo‘latov G‘allaorol tumanida 15 nafar o‘zini -o‘zi band qilmoqchi bo‘lgan fuqaro bilan o‘tkazgan uchrashuvi chog‘ida o‘zini -o‘zi band qilish maqomi nimani anglatishini, uni qanday olish mumkinligini va bu maqom qanday foyda berishini atroflicha tushuntirib berdi.

O‘zini -o‘zi band qilganlar avvalo soliq tekshiruvlari, jarimalar va noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha ayblovlardan qo‘rqmasligi, ularning ish staji davom etaverishi va bularning samarasida keksalikda kafolatlangan pensiya naqd deb hisoblash mumkinligi alohida ta’kidlandi.
Iste’mol kreditlari, imtiyozli qarzlar olish, shuningdek, soliq imtiyozlarini qo‘llash mumkin. Daromad solig‘i yoki boshqa yig‘imlar yo‘q. Bir yilda BHMning 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash kifoya ekanligi aytib o‘tildi.
***
Zomin tuman maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi tomonidan bo‘lim tasarrufidagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti metodistlari ishtirokida o‘quv amaliy-seminar tashkil etildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan berilgan didaktik qo‘llanmalardan ta’lim-tarbiya jarayonida samarali foydalanish yuzasidan “Interfaol metodlar” mavzusida tashkil etilgan seminarda pedagoglarga mavzu yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Bunday o‘quv amaliy-semenarlarini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad didaktik qo‘llanmalardan foydalanish tartibi bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlar olishdir.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri