Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
07:54 / 2024-03-14

Navro‘z umumxalq bayrami arafasida e’tiborga muhtoj yurtdoshlarimizning ko‘ngillarini ko‘tarish va muborak Ramazon oyini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida Zomin tumanining “Birlik” mahalla fuqarolar yig‘inida homiylar hisobidan yig‘ilgan 110 million so‘m pul mablag‘i ehson sifatida mahalladagi ehtiyojmand, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, oilasida nogironligi borlarga tarqatildi.

 

Bu kabi xayriya tadbirlari tumanning boshqa hududlarida ham o‘tkazilmoqda.  

***  

Jizzax viloyatining qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida bahorning tansiq taomi sumalak sayllari  o‘tkazilmoqda. Xususan, Zafarobod tumani “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan sumalak saylida mahalla faollari, “Oqila ayollar” guruhi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir milliy urf-odatlar, xalq o‘yinlari va bayram sayli bilan yanada maroqli bo‘ldi. Shuningdek, “Nurafshon”da istiqomat qiluvchi turli millat vakillarining bahorda tayyorlanadigan milliy taomlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.  

***  

Paxtakor innovatsion tumanining rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirlarni belgilash, tashkil etish va o‘tkazish hamda shu yo‘nalishda  tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruhning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.  

Unda ishchi guruhning 2024-yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da innovatsiyani rivojlantirish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlari samaradorligi va joriy yilning mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovining tuman bosqichini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.  

***  

O‘tgan  2023-yilning 22-dekabrida  Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan  Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Mirzacho‘l tumani hokimi tashabbusi bilan O‘zbekiston  qozoq madaniyat markazida Jizzax viloyati musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan bepul teatr tomoshalari uyushtirilmoqda.  

 

Tomoshalar  madaniyat markazida belgilagan jadval  asosida barcha tuman aholisi, korxona, tashkilotlar xodimlari uchun tashkil etilmoqda.  

***  

Sharof  Rashidov tumanidagi  Yangi hayot mahallasida “Obod xonadon –Obod ko‘cha –Obod mahalla” mezonlari bo‘yicha ishlar qizg‘in davom etmoqda.  

Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Bekzod Tashpo‘latov hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan atroflicha tanishib, yangi bunyod etilayotgan mahalla binosi qurilishini  ko‘zdan kechirdi. Qishloq fuqarolari bilan uchrashib, xonadonlar atrofini toza va ozoda saqlash, issiqxonalar qurish lozimligi borasida zarur tavsiyalarini berdi.

 

Sektor rahbarining ko‘magi bilan mahallada  3 ming tup turli mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazish ishlari boshlab yuborildi.  

A.Qayumov,

O‘zA muxbiri