Sharof Rashidov tumani “Jizzaxlik” MFYda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) moliyaviy ko‘magi yordamida “Aholining ehtiyojmand qatlamiga huquqiy yordam ko‘rsatish va huquqiy savodxonligini oshirish” loyihasi doirasida Jizzax viloyati “Istiqlol Avlodi” IIHQQM tomonidan “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar, aholi vakillari bilan uchrashuv va sayyor qabul o‘tkazildi.
Uchrashuvda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda 2019-yil 2-sentyabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilib, huquqshunos va ruhshunos tomonidan huquqiy va ruhiy yordamlar ko‘rsatildi.
***
Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Akmal Savurboyev boshchiligidagi viloyat ichki ishlar, DXX va boshqa huquq-tartibot idoralari, viloyat boshqarmalari hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlaridan iborat ishchi guruh G‘allaorolda tuman yoshlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni o‘qitish va kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi va yoshlarning qiziqishlarini, intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va zarur qulaylik yaratish borasidagi ishlar tahlil qilindi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlar tomonidan bildirilgan murojaatlar ijrosi yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.


***
Jizzax viloyati IIBda viloyat ichki ishlar organlarining jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatlarni fosh etish borasidagi joriy yilning ikki oylik faoliyati muhokama etildi. Viloyat IIB, hududiy IIB va bo‘limlari hamda sohaviy xizmatlar rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishni viloyat IIB boshlig‘i, general-mayyor G‘ayrat Qodirov boshqarib bordi. Videoaloqa tarzida o‘tgan tadbirda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlarining axborotlari eshitiliib, erishilgan natijalar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilindi.
Yakunda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatlarni fosh etish borasida kelgusida amalga oshirilajak ishlar belgilab olindi.


***
Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, dinlararo hamda millatlararo totuvlikni mustahkamlash bo‘yicha Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Arnasoy tumani bosh mutaxassisi G‘ulom Saydullayev, tuman IIB terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Umit Saypillayev tomonidan Arnasoy tuman moliya bo‘limi xodimlari o‘rtasida “Jaholatga qarshi ma’rifat” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir jarayonida yig‘ilish ishtirokchilariga “Sohta da’volar” nomli videoroligi qo‘yib berilib, fuqarolarga yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga diniy tus berish, soxta g‘oyalarni asl diniy qadriyatlar sifatida talqin qilish va aholi orasida nosog‘lom aqidalarni va nosog‘lom fikrlarni singdirish holatlari kuzatilayotganligi tushuntirildi.
Diniy-ma’rifiy sohani yanada takomillashtirish, jamiyatda “Jaholatga qarshi – ma’rifat” degan ulug‘vor g‘oya asosida dinning insonparvarlik, ezgulik va tinchlik kabi fazilatlarini hamda diniy bag‘rikenglik ruhini keng targ‘ib qilish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va qonun ustuvorligini ta’minlash hamda oila muqaddasligi yuzasidan tushunchalar berib o‘tildi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning mazmun- mohiyati yuzasidan tushunchalar berildi.

***
O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov Jizzax viloyatida bo‘lib, Sharof Rashidov tumani sport maktabi faoliyati bilan tanishdi.
Sport vaziri Adham Ikramov va tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev ishtirokida ushbu tuman sport maktabi faoliyati keng tahlil qilinib, natijalari sarhisob etildi. Yuzaga kelgan mavjud kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga bir qator topshiriqlar berildi.



A.Qayumov, O‘zA muxbiri