Baxmal tumani hokimligida viloyat soliq boshqarmasining yetakchi mutaxassislari ishtirokida hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni hal etish choralarini ko‘rish hamda o‘rta, qoniqarli va quyi barqarorlik reytingidagi tadbirkorlik subyektlarining reytingdagi ko‘rsatkichlarini yaxshilashdir. Tadbirda o‘nga yaqin ishtirokchining murojaati tinglanib, ularning 4 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, 2 nafar tadbirkorga huquqiy maslahatlar berildi.
***
Jizzax viloyat IIB JXX JTSB xodimlari hamda ularning oila a’zolari ishtirokida xizmat intizomi va qonunchilik buzilishining oldini olishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Respublika IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Jizzax viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda viloyat IIBB hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda ichki ishlar organlari xodimlarining harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini, ma’naviy saviyasini va intellektual salohiyatini yuksaltirish bilan birga xodimlarning xizmat sharoitlarini yanada yaxshilash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar xususida so‘z bordi. Tadbir davomida mavzuga oid videorolik namoyish etilib, kuzatilayotgan ba’zi nuqsonlarni bartaraf etishga doir taklif va mulohazalar bildirildi.
***
Respublika Tashxis markazining ishchi guruhi Mirzacho‘l tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli ikkinchi xorijiy til va ikkita kasbga o‘qitishga tanlangan 1-,8- va 18-umumta’lim maktablarida bo‘ldi. Ishchi guruh maktablardagi kasb xonalarini tadbirkorlarga berishni va qo‘shimcha to‘garak jarayonlariga o‘quvchilar jalb etilishi bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.
Ishchi guruh 1-sonli maktabda tashkil etilgan kulolchilik hunari va 18-sonli maktabda tadbirkor tomonidan o‘rgatilayotgan tikuvchilik xonalaridagi jarayonlardan mamnunligini bildirdi. O‘rganish jarayonlari tumandagi boshqa umumta’lim maktablarida ham bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
***
Yangiobod tumanida yoshlarga oid davlat siyosatini samarali amalga oshirish, ularning muammolarini tizimli asosda o‘rganib, yechim topish, shu bilan birga, yoshlarning tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Yangiobod kasb-hunar maktabida tuman IIB boshlig‘i Sh.Ahmedov, tuman hokimi o‘rinbosari A.Nishonov hamda tuman prokurori Sh.Salimov ishtirokida yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
3-sektorga qarashli “Do‘stlik” MFY yoshlari ishtirok etgan uchrashuvda ularning bugungi imkoniyatlardan foydalanib, zamonaviy bilim va kasblarni egallashga intilishi, har xil buzg‘unchi va yot g‘oyalarga chalg‘imasdan, yurtimiz taraqqiyotiga daxldor shaxslar bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
***
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi tashabbusi bilan respublika IIVga qarashli Jizzax akademik litseyida o‘quvchi- yoshlar ishtirokida “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi raisi va Jizzax harbiy prokurori ishtirok etib, yoshlar bilan bugungi kundagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri