Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
11:12 / 2024-01-16

Jizzax viloyat sudi raisi A.Shukurov tashabbusi bilan tashkil etilgan videokonferensaloqa rejimida “Lotin alifbosiga asoslangan imlo qoidalari” mavzusidagi davra suhbatida viloyat sudi sudyalari, tumanlararo (tuman) shahar sudlari raislari, sudyalari hamda sud apparati xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Jizzax davlat pedagogika universiteti O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti dekani o‘rinbosari, filologiya fanlari doktori (PhD) X.Mahammadiyev tayyorlab kelgan slaydlar orqali kirill hamda lotin alifbosida so‘zlarning yozilishidagi farqlar, yonma-yon kelgan undoshlar imlosi, asos va qo‘shimchalar imlosi, bo‘g‘in ko‘chirish qoidalari haqida batafsil ma’lumot berdi.  

***  

Arnasoyda Mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tuman kengashining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.  

Tuman hokimi Xurshid Alimardonov Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqadigan vazifalar yuzasidan ma’ruza qildi.  

***  

G‘allaorol tumanida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Jizzax viloyat filiali, Yoshlar ishlari, Savdo-sanoat palatasi G‘allaorol tuman bo‘limlari, “Agrobank” ATB tuman filiali hamda tumanning tajribali tadbirkorlari bilan hamkorlikda umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilari uchun tadbirkorlik asoslari va kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha seminar tashkil etildi. 

Tadbirda mutaxassislar tomonidan “Tadbirkorlikka ilk qadam”, “Biznes g‘oya nima?”, “Kredit nima, u qanday olinadi?” kabi mavzularda yoshlarga atroflicha tushunchalar berildi.  

***  

Jizzax viloyati IIB JXX probatsiya bo‘limi hamda uning barcha hududiy bo‘linmalari xodimlari uchun sayyor-o‘quv tashkil etildi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda xodimlarning fuqarolar bilan muomala madaniyatidan tortib, ish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli inson hayoti uchun xavfli holatlarning oldini olish, maxsus vositalarni ishlatish, ayniqsa, elektroshokerlardan foydalanish tartiblari to‘liq tushuntirildi.  

Shuningdek, maxsus vositalarni qo‘llagandan so‘ng jarohatlangan shaxslarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, rezina tayoq, masofadan turib boshqariluvchi elektr-shok qurilmalarning taktik va texnik xususiyatlari haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.    

***  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusiga ko‘ra, agentlikning Jizzax viloyati filiali, viloyat hokimligi hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida viloyat, tuman va shahar hokimliklari mehnat jamoalari xodimlari uchun uch yildan buyon kafolatli tibbiy ko‘rik tashkil etib kelinmoqda.  

Jizzax shahar hokimligining barcha xodimlari birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Mazkur tibbiy ko‘rik jarayonida qator mutaxassis shifokorlar tomonidan barcha davlat fuqarolik xizmatchilari sog‘ligining barqarorligi ko‘zdan kechirilib, tibbiy tahlillar va yuzma-yuz muloqotlar asosida ularga zarur tibbiy maslahat va tavsiyalar berildi.  

A.Qayumov,  

O‘zA muxbiri