“Mirzacho‘ltumangaz” bo‘limi jamoasi qishni betashvish o‘tkazish, kirib kelayotgan Yangi yil oldidan aholi kayfiyatini ko‘tarish, tumanning tabiiy gaz yetib bormagan mahallalari aholisini suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlash maqsadida qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, tabiiy gaz yetib bormagan tumanning eng uzoq va chekka “Yangi dala”, “Gulzor”, “O‘zbekiston” hamda “Ipak yo‘li” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisining suyultirilgan gazga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida bayram oldidan qo‘shimcha 100 tadan maishiy gaz balloni yetkazib berildi.


Sovuq kunlarda ushbu mahallalar aholisiga suyultirilgan gaz ballonlaridan tashqari, mahalliy hokimlik tomonidan aholi talabidan kelib chiqib, zarur miqdordagi ko‘mir mahsulotlari ham yetkazib berildi.
***

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari tomonidan tasdiqlangan “Sayyor akademiya” o‘quv-dasturiga asosan, IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan Jizzax viloyati ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatiga doir bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha onlayn o‘quv yig‘ini o‘tkazildi.

Dars mashg‘ulotlarida, zamonaviy interfaol usullarda o‘quv vositalaridan foydalanilgan holda profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Shuningdek, sayyor o‘quvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlarida belgilangan vazifalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
***
Jizzax viloyati prokurorining o‘rinbosari Ma’ruf Xo‘jamqulov tomonidan aholi bilan bevosita va ochiq muloqot qilish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni joyida bartaraf etish maqsadida Yangi yil arafasida Baxmal tumani, “Nushkent” MFYda sayyor qabul va yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Sayyor qabulda jismoniy va yuridik shaxslarning vakillaridan kelib tushgan turli mazmundagi murojaatlarning 25 tasi joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Viloyat prokuraturasi tomonidan hududlar bo‘ylab sayyor qabullar o‘tkazish orqali aholi muammolariga yechim topish borasidagi amaliy ishlar davom etmoqda.
***
Sharof Rashidov tuman hokimligi hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda, aholi, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbida ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, oilada, mahallalarda hamda jamoat tashkilotlari bilan hamjihatlikda ishlash, albatta, ma’naviy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirishda muhim o‘rin egallashi ta’kidlab o‘tildi.
Ma’naviy-ma’rifiy sohada tumanda olib borilayotgan yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham mavjudligi aytib o‘tildi. Tadbirda Prezident raisligida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining yig‘ilishida bildirilgan vazifalar ijrosi borasida aniq chora-tadbirlar belgilab olindi va ko‘rilgan masalalar yuzasidan mutasaddilarga kerakli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
***
Yangi yil bayrami arafasida G‘allaorol tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshga barcha sharoitga ega uy-joylarning kaliti tantanali ravishda topshirildi.


Mazkur uy-joylar Prezidentimizning 2021 yil 9 avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 oktyabrdagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida topshirildi.
E’tiborlisi, ushbu uy-joylar homiylar tomonidan to‘liq uy-ro‘zg‘or va maishiy texnika jihozlari bilan ta’minlandi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri