Mirzacho‘l tumani axborot-kutubxona markazi va Barkamol avlod bolalar va o‘smirlar maktabi hamkorligida “Kitobdan yaxshi do‘st bo‘lmas” mavzusida sayyor tadbir o‘tkazildi.
– Bolangizni kitob o‘qishga g‘ayratini oshirmoqchi bo‘lsangiz, bog‘cha yoshidan ularga tez-tez ertaklar aytib, hikoyalar o‘qib bering, maktabga borgach esa o‘qigan kitobi haqida gapirib berishni, kitob va uning mazmun-mohiyati haqida tez-tez suhbatlashib turing, bugungi kabi kitobxonlik tadbirlarida birga ishtirok etib, ularning yoshiga mos kitob sovg‘a qilib turing, – deydi tadbirda ishtirok etgan Qizlargul Jo‘raqulova. – Hayotda sodir bo‘lgan haqiqiy voqealarni bolalar o‘qigan ertak va hikoyalar bilan bog‘lashga harakat qilish lozim. Bu bolalarni nafaqat o‘qishga chorlaydi, balki, mushohada qilishga o‘rgatadi, tahlil qilish qobiliyatini shakllantiradi.


Tadbirda jahon va o‘zbek bolalar adabiyoti durdonalari kutubxonasidan namoyish etilgan kitoblar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
***
Zafarobod tumanidagi “Samarqand” mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun yetarlicha sharoit yaratish maqsadida sun’iy qoplamali mini futbol stadioni foydalanishga topshirildi. Mazkur tadbirda Jizzax viloyat IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov, tuman hokimi O‘tkir Rahmonov, sektor rahbarlari, tuman mudofaa ishlari bo‘limi, nuroniylar hamda mahalla yoshlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida mahalladagi o‘smir-yoshlar o‘rtasida mini futbol bellashuvlari tashkil etildi. G‘oliblarga viloyat IIB hamda tuman hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.
***

Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev qishning sovuq kunlari boshlanishi bilan sektor rahbarlari hamrohligida ijtimoiy soha ob’ektlari, ya’ni tuman shifoxonasi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablaridagi isitish tizimlari, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Jumladan, 13-umumta’lim maktabidagi isitish tizimlarining ishlashi, o‘quvchi va o‘qituvchilarga yaratilgan sharoitlardan tashqari, bolalarning ta’lim-tarbiya olish jarayoni hamda maktab qoshida tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati kuzatildi.
***
G‘allaorol tuman hokimi Jaloliddin Oqboyev boshchiligidagi delegatsiya amaliy xizmat safari bilan Misr davlatiga bordi. Olis Afrika qit’asida joylashgan ushbu yurtda O‘zbekiston elchixonasi tomonidan jizzaxlik delegatsiya a’zolari bilan misrlik ishbilarmonlar o‘rtasida bir qator muzokaralar tashkil etildi.

Uchrashuvlar chog‘ida Misr vakillariga mamlakatimiz, xususan G‘allaorol tumanining iqtisodiy-investitsiyaviy salohiyati haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi. Misrning “ECAD” kompaniyasi raisi janob Amr al-Hafniy, “Al-Hanaa” kompaniyasi raisi janob Amr al-Murshidiy, Qishloq tadqiqotlari markazi maslahatchisi janob Essam Vasif bilan kechgan suhbat davomida G‘allaorol tumanida qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari xususida do‘stona suhbat qurildi.
Misr vakillari Jizzax viloyati ishbilarmonlari bilan hamkorlikda hududda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Iskandariya viloyatida o‘tkazilgan uchrashuvda Misr tajribasi asosida G‘allaorol tumanidagi lalmi maydonlarda qand lavlagi yetishtirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.
***
Favqulodda vaziyatlar viloyat boshqarmasi boshlig‘i hamda Jizzax shahridagi oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari tomonidan qish mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish maqsadida talabalarning yashash joylari o‘rganildi.


O‘rganishlar davomida asosiy e’tibor yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish, isitish tizimlarining sozligi, elektr va gaz jihozlaridan xavfsizlik talablari asosida foydalanishga qaratildi.
A.QAYUMOV,
O‘zA.