Viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi O‘zbekiston – yashil makon hududida birgalikda yashaymiz!” g‘oyasi ostida kuzgi ko‘chat ekish mavsumi davom etmoqda.
Jumladan, Jizzax viloyat sudi, viloyat ma’muriy sudi hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudi va tumanlararo iqtisodiy sudi sudya va sud xodimlari Sharof Rashidov tumanidagi “Oqtosh ota” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida barpo etilayotgan 50 gektarlik “Yangi O‘zbekiston bog‘i”ga hamda “Jizzax – Do‘stlik” avtomobil yo‘li yoqasiga jami 100 tupga yaqin mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazdi.


***
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari viloyatda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan imom-xatiblarning kengaytirilgan yig‘ilishida ishtirok etdi. Tadbirda muftiy bugun har bir din peshvosi din va millat uchun astoydil xizmat qilishi, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar, mo‘min-musulmonlar farovonligi yo‘lida hayotga tatbiq etilayotgan chora-tadbirlarda faol ishtirok etishi, ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohadagi yangilanishlar haqida so‘z yuritdi.


***
IIV o‘rinbosari, Respublika ishchi guruhi a’zosi, polkovnik Ya.Abdulhaqov va viloyat IIB boshlig‘i, general-mayor G‘.Qodirov Forish tumanining olis hududlaridagi davlat maktabgacha ta’lim hamda o‘rta umumta’lim maktablarida kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Mavjud muammolar o‘rganilib, ularni hal etish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi. Shuningdek, mahallalarda faollar bilan o‘tkazilgan muloqotlarda aholi yashash uylarini mavsumga tayyorlash, qish kunlarida salbiy holatlar yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish lozimligi qayd etildi.


***
Bugungi kunda mamlakatimizda ayollarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli Zarbdor tumanidagi ko‘plab xotin-qizlarning ham muammolari o‘z yechimini topmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish tuman bo‘limi ko‘magi hamda hokim yordamchilari tavsiyasi bilan ishsiz bo‘lgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash maqsadida 53 nafar xotin-qizga o‘zini o‘zi band qilish maqsadida zamonaviy tikuv mashinalari subsidiya asosida berildi.

***
Zafarobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Z.Abdullayeva hamda Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Zafarobod tuman bo‘limi yetakchi mutaxassisi I.Xolmurodov “Uzun” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash, ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron ko‘rinishda ariza berishni joriy etish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi haqida atroflicha tushuncha berdi.


A.Qayumov, O‘zA muxbiri