Respublika Markaziy bojxona laboratoriyasi mas’ullari Jizzax viloyatida xizmat safarida bo‘lib, Arnasoy tumanidagi “Arnasoy Gold Tex” O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bojxona mas’ullari korxonada ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari va xorijiy davlatlar bilan amalga oshirilayotgan eksport hajmini o‘rgandi. Shuningdek, “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimining afzallik va qulayliklari, eksport mahsulotlarga qo‘yiladigan bojxona talablari to‘g‘risida korxona rahbar va mutasaddilariga tushunchalar berildi.
***
Jizzax shahrida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov xotirasiga bag‘ishlab “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida o‘tgan uch avlod uchrashuvi “Rashidov – siyosatchi va diplomat” nomli fotoko‘rgazmaning ochilishi bilan boshlandi. Shuningdek, yozuvchi Muxtor G‘aniyev tomonidan yaratilgan “Sharof Rashidov haqidagi mening haqiqatim” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda namoyish etilgan “Sharof Rashidov – Mirzacho‘lni o‘zlashtirish ilhomchisi” nomli hujjatli film premerasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
***
Yangiobod tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan “Yong‘indan ogohlik!” mavzusida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.


Jumladan, tumanda joylashgan “n” harbiy qismda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun o‘tkazilgan profilaktik tadbirda soha xodimlari tomonidan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va sodir bo‘lgan hodisalarda qanday yo‘l tutish lozimligi borasida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
***
Do‘stlik tumani fuqarolari va yoshlar ishtirokida radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolishning oldini olish, diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish, diniy sohada amalga oshirilayotgan davlat siyosatini to‘g‘ri tushuntirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir davomida video-slayd orqali Prezidentimizning joriy yil 19 sentyabrdagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqi namoyish etilib, ushbu ma’ruzaning ahamiyati haqida ishtirokchilarga tushuncha berildi.
***
Zarbdor tumani prokuraturasida o‘tkazilgan yig‘ilishda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy o‘rganib chiqilgani muhokama qilindi.


Huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini amalda joriy etish, “mahalla yettiligi” ning ish samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Yig‘ilish yakunida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
A.Qayumov,
O‘zA.