Sharof Rashidov tumani hokimi va mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i yoshlarni harbiy kasbga yo‘naltirish maqsadida “Kelajakdagi kasbim” mavzusida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tibbiyot texnikumini tamomlab, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida xizmat qilish istagini bildirgan qizlarning 6 nafariga harbiy guvohnomalar topshirildi.

***
Zomin tumani prokuraturasi tashabbusi bilan 2-sektor hududida yashovchi “Qizil toifa”dagi 22 nafar yoshning bandligini ta’minlash maqsadida ularning har biriga subsidiya mablag‘lari asosida mehnat qurollari, jumladan, yigitlarga payvandlash uskunasi, xotin-qizlarga tikuv mashinalari topshirildi. Bugungi kunda Zomin tumani prokurori, 2-sektor rahbari H.Abdullayevga biriktirilgan “Qizil toifa”dagi jami 48 nafar yoshdan kelib tushgan 57 ta murojaatning barchasi ijobiy hal qilinib, bu yoshlarning bandligi ta’minlandi.

***
Arnasoy tuman hokimi va tuman “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi tomonidan shu hududda istiqomat qiluvchi bir guruh nuroniylarning viloyat markazidagi “Qatag‘on qurbonlari muzeyi”ga sayohati uyushtirildi. Jizzax davlat pedagogika universitetida joylashgan Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi yo‘lida jon fido etgan, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ajdodlarimiz jasorati va xotirasiga bag‘ishlangan ushbu muzey tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot qoldirdi.

***
“Besh tashabbus olimpiadasi” 2-mavsumining mahalla bosqichida G‘allaorol tumani hokimi Jaloliddin Oqboyev ishtirok etdi. Unda “Yosh kitobxon”, “Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” tanlovlari, “Zakovat” intellektual o‘yini, milliy kurash va voleybol sport musobaqalari tashkil etildi. Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

***
Xiva shahridagi Xalqaro etnosport festivalida 20 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etib, har bir yo‘nalishdagi bahslar keskin kurashlar ostida o‘tdi.
Ushbu bellashuvlarda viloyat sharafini himoya qilgan Jizzax shahar hamshira qizlari jamoasi “Assalom tong!” yo‘nalishi bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni egallab, Xalqaro etnosport festival g‘olibi deb topildi.
Hamishar qizlarga tashkilotchilarning diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri