Jizzax viloyati prokurori o‘rinbosari T.Xudoyberdiyev, Jizzax shahar hokimi K.Xolmurodov va boshqa mutasaddilar birgalikda shahardagi “Eski shahar” buyum savdo kompleksida bo‘lib narx-navo bilan tanishdi.
Ushbu savdo majmuasida yangi o‘quv yili uchun tashkil qilingan “Maktab yarmarkasi”dagi narx-navo, xaridorlar uchun yaratilgan qulayliklar, o‘quv qurollarining yetarliligi, arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari bilan tanishdi va mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
***
Forish tumani madaniyat bo‘limi tomonidan tuman hududidagi Forish tog‘ harbiy poligonida joylashgan “n” harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori asosida bayram dasturxoni yozilib, konsert dasturi namoyish etildi.
Bayram konsertida tuman badiiy havaskorlari ijrosida yangragan Ona vatanni, tinchlikni, shonli armiyamizni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiq, raqslar harbiylarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
***
G‘allaorol tumani IIB JXX probatsiya guruhi tomonidan tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi bilan hamkorlikda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil qilindi.
Tadbirda ishtirok etgan 60 ga yaqin tuman IIB JXX probatsiya guruhi nazorat ostida jazo o‘tayotgan shaxslarga hududdagi korxona va tashkilotlar, muassasalardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berildi. Jarayonda 9 nafar mahkum ish beruvchi tashkilotlar bilan mehnat shartnomasi imzolab, doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
***
Sharof Rashidov tumanidagi “Samarqand quduq SIU “Shijoatli diyor” fermer xo‘jaligida hosildan bo‘shagan maydonga ekilgan takroriy ekinlardan yuqori hosil olish mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Unda Jizzax viloyati agroxizmatlar tizimini rivojlantirish bo‘limi rahbari Z.Ishonqulov va soha olimlari tomonidan hosildan bo‘shagan maydonlarga ekilgan takroriy kartoshka mahsulotidan yuqori hosil olishning sir-sinoatlari bo‘yicha kerakli maslahat va tavsiyalar berildi.
***
Yangiobod tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi va boshqa mutasaddi davlat tashkilotlari tuman bo‘limlari bilan hamkorlikda hududda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklardan biri “kuydirgi” kasalligini oldini olish va ushbu kasallik aniqlanganda qanday harakatlarni amalga oshirish lozimligi yuzasidan taktik o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Mashg‘ulot jarayonida mutaxassislarning, aholi orasida chorva hayvonlari tomonidan o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar kelib chiqishini oldini olish borasidagi tavsiyalari tinglandi. Mazkur taktik o‘quv-mashg‘ulotida ishtirokchilar kerakli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
***
Zomin tumanidagi “Beshkubi” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi foydalanishga topshirildi.
Tumandagi 2-sektor hududida joylashgan “Beshkubi” MFY binosining ochilish marosimida tuman hokimi birinchi o‘rinbosari, tuman prokurori, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Zomin tuman bo‘linmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mahalla fuqarolari mamlakatimiz mustaqilligi va yangi binoni foydalanishga topshirilishini qo‘shaloq bayram sifatida to‘kin dasturxon atrofida keng nishonladi.
***
Ulug‘ ayyom va hayit kunlari ehtiyojmandlar holidan xabar olish, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizning azaliy an’anasiga aylangan.
Do‘stlik tumani prokurori, 2-sektor rahbari S.Razzoqov “Oltin vodiy” MFYda yashovchi davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj bo‘lgan qizil toifadagi 10 dan ortiq yosh va ularning oila a’zolarini Mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami kunlari holidan xabar olib, bayram bilan tabrikladi, ehtiyojmandlarga sovg‘a-salomlar ulashdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA