Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyev tumanning qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib mahalla faollari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, “Sarmich” MFY faollari bilan o‘tgan uchrashuvda tuman hokimi mahalla hududida uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha Oltiariq tajribasi asosida uzum yetishtirishni yanada rivojlantirish, tokzorlarni tashkil etish uchun maqbul joylarni tanlash hamda hudud iqlimiga mos bo‘lgan ko‘chatlarni tanlash kabi masalalar yuzasidan suhbatlashilib, bu xususda faollarning ham fikrlari tinglandi.
Shuningdek, uzumchilikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash borasida qonunchilikda ko‘rsatilgan imtiyoz va imkoniyatlar ham tushuntirib o‘tildi.
***
Do‘stlik tumani prokurori Samandar Razzoqov, tuman IIB boshlig‘i Sh.Qosimov, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i M.Tursunmurodovlar ishtirokida sektor hududida joylashgan “Oltin vodiy” mahallasida tumandagi jinoyatchilik ahvoli, ularni kelib chiqish sabablari hamda jinoyatchilikni oldini olish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, hududdagi mahalla beshligining jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan hamkorlik ishlari o‘rganilib, tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
***
Forish tumani hokimi Ikrom Matiyev “O‘zbekiston” MFYda tashkil etilgan kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi bilan tanishdi.
Tanishish davomida ishtirok etgan tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot rahbarlari va hokim yordamchilariga amalga oshiriladigan ishlarni jadallashtirish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
***
“Qo‘ytosh” SHFY hududidagi Qo‘ytosh davolash bo‘limida G‘allaorol tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari tomonidan ultrotovush diagnostikasi va laboratoriya tekshiruvlari natijasida surunkali kasalligi bor bemorlarni, homilador va tug‘ish yoshdagi ayollarni hamda o‘qituvchi va murabbiylar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tegishli tartibda tavsiya va yo‘llanmalar berildi.
Yuqumli kasalliklar, jumladan gepatit “A”, “V”, “S” ning yuqish yo‘llari, profilaktikasi, diagnostikasi va davolash taktikalari hamda sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish to‘g‘risida targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borildi.
***
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining voyaga yetmagan va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan Mirzacho‘l tumani shtabi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda shtab a’zolarining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari haqida fikr bildirilib, tumanda amalga oshirilayotgan barcha amaliy ishlar hisobotini kunlik viloyat shtabiga o‘z vaqtida va sifatli taqdim etib borish aytib o‘tildi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik hamda Yoshlar siyosati va sport vazirliklarining joriy yil 30 mart kungi qo‘shma qarori bilan “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlari belgilandi.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Zafarobod tumani “Bo‘ston” va “Cho‘liguliston” MFYlar mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori va yoshlar yetakchisiga tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari, JXX boshlig‘i, podpolkovnik M.Nurmatov va ishchi guruh tomonidan huquqbuzarlik sodir etishga moyil yoki huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam ko‘rsatish tartiblari tushuntirildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA