Futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqasining mahallalar o‘rtasidagi final bellashuvining Jizzax viloyat bosqichi yakunlandi. Unda Jizzax shahar Turon mahallasi futbolchilari Sharof Rashidov tumani Toqchiliq mahallasini mag‘lubiyatga uchratdi va ushbu bahsdan so‘ng viloyat bosqichining g‘olib jamoalarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Respublika bosqichiga futbol bo‘yicha Jizzax shaharning Turon mahallasi jamoasi, mini futbolda Sharof Rashidov tumanining Xayrobod mahallasi va qizlar o‘rtasidagi mini-futbol bahsida Arnasoy tumanining Yangibo‘ston mahallasi ayollar jamoasi yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

***
Forish tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 2 maydagi “2023 – 2025 yillarda Jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, davlatimiz rahbarining mazkur qarori asosida tumandagi “Bog‘don”, “Oybek nomli” va “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash yanada yaxshilanadi. Ayni kunda ushbu mahallalarda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida suv tarmoqlari tortilmoqda.

***
Arnasoy tumani “ZIYO LIDR KIDS” o‘quv markazi o‘quvchilari “Mental arifmetika” bo‘yicha Toshkent shahrida viloyatlararo bo‘lib o‘tgan Respublika ochiq olimpiadasida faol ishtirok etib oliy o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Mazkur ochiq olimpiadada Arnasoy tumanidan 5 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi-yoshlar ishtirok etib, yosh toifasi bo‘yicha 3 oliy o‘rin, 20 ta 1-o‘rin, 10 ta 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga alohida sertifikat va medallar topshirildi.

***
Viloyat prokuraturasining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bilan hamkorlikda daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash hamda noruda foydali qazilmalarni qazishda belgilangan talablarga rioya etilishi yuzasidan “Sangzor” daryosida reyd tadbirlari tashkil etildi.
Tadbirda ayrim fuqarolar tomonidan daryo o‘zanidan noqonuniy ravishda noruda qazilmalari qazib olinayotganligi holatlari aniqlanib, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi.

***
Forish tumani 3-sektor hududidagi “Sayyod” MFYda tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi mutaxassislari tomonidan aholining tibbiy savodxonligini oshirish hamda yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarining oldini olish bo‘yicha sanitariya-targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi bilan bog‘liq muammoli masalalar o‘rganilib, fuqarolarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.

***
G‘allaorol tumanida 10 iyul – 10 avgust kunlari tuman hududida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Dolzarb 30 kun” tadbirlari davom etmoqda.
Shu munosabat bilan kuni kecha tuman markaziy dehqon bozorida yong‘in o‘chirish amaliy taktik mashqi davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Markaziy dehqon bozori xodimlari va fuqarolarga favqulodda holatlar bo‘lgandan yong‘in chiqqan paytda harakatlanish to‘g‘risida tushunchalar berildi.

A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA