English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:03 / 2023-07-05

Paxtakor tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i tumandagi yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan aholi xonadonlarida bo‘lib, qizil toifaga kiritilgan yoshlar bilan manzilli ish tashkil etish va ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida uyma-uy yurib suhbat o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlar muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy-mafkuraviy tarbiyasi bilan shug‘ullanish orqali to‘g‘ri hayotga yo‘naltirish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilib, yoshlarning mehnat qilishini osonlashtirish maqsadida xo‘jalik asbob-anjomlari va boshqa zaruriy texnikalar sovg‘a qilindi. Shuningdek, Dilorom MFYdagi qizil toifaga kiritilgan 2009 yilda tug‘ilgan va 5 nafar voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilaga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.  

***  

Baxmal tumani hokimi M.Anorboyev “Uzunbuloq” suv tozalash inshootidan tuman markaziga yangi suv tarmog‘i tortilishi ishlarining borishi bilan tanishib, barcha mas’ullar va quruvchilarga o‘z minnatdorligini bildirdi.  

Prezidentimizning 2023 yil 10 fevraldagi Jizzax viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari hamda 2023 yil 2 maydagi “2023-2025 yillarda Jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan “Uzunbuloq” suv tozalash inshootidan tuman markaziga 23 kilometr suv tarmog‘i tortilishi hisobiga 65 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.  

***  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar  Mahkamasining 2023 yil 19 yanvardagi  “Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzuridagi “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi ta’minlanmoqda.  

Qaror bo‘yicha joriy yilda Do‘stlik tumani IIBda “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhini tashkil qilish maqsadida munosib ko‘rilgan xotin-qizlar bilan tuman hokimining o‘rinbosari M.Suyunova, IIB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektori S.Abduvaliyeva hamda IIB xodimlari tomonidan suhbat o‘tkazilib, guruh a’zolari o‘z faoliyatini boshladi.  

***  

Forish tumani 30-sonli madaniyat markazi qoshida faoliyat yuritayotgan “Bog‘don” folklor etnografik xalq ansambli Toshkent shahridagi “Navro‘z” bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan mamlakatimizga kelgan xalqaro kuzatuvchilar va poytaxtimiz aholisiga o‘z konsert dasturlarini namoyish etmoqda.  

“Bog‘don” folklor etnografik xalq ansambli san’atkorlari tomonidan respublikamiz poytaxtida ijro etilayotgan o‘zbek milliy urf-odat va an’analarini o‘zida aks ettirgan laparlar, qo‘shiq va raqslar mehmonlar va poytaxtimiz aholisini maftun etmoqda.  

***  

G‘allaorol tumani Xalq qabulxonasida tuman hokimi J.Oqboyev qabul o‘tkazdi. Unda fuqarolarni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy masalalar, jumladan, yo‘l infrastrukturasini yaxshilash, tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalar bo‘yicha murojaatlar bo‘ldi.  

Aholiga muammolarning yechilishi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi. Qabul davomida fuqarolar tomonidan bildirilayotgan murojaatlar joyida mas’ullarga yo‘naltirildi hamda muddat talab qiladigan murojaatlar asosida tegishli tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.  

***  

Zafarobod tumanida bo‘lib o‘tgan “Qo‘sha qarish saodati” mavzusidagi tadbirda mahallalardagi keksa otaxon va onaxonlar, mahalla faollari, yosh oilalar, uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.  

Uchrashuvda keksa otaxon va onaxonlar o‘z hayot yo‘llaridagi qiyinchiliklar, erishgan muvaffaqiyatlari haqida yoshlarga ibratli hikoyalar so‘zlab berdi.  

A.QAYUMOV,

J.YORBEKOV (surat), O‘zA