Prezidentimizning 2023 yil 26 apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bilan aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida, tuman (shahar) markazlarida piknik zonalar (hudud) tashkil qilish vazifasi belgilangan edi.

Topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida 14 piknik zonalar tashkil etildi.
***
Do‘stlik tumani madaniyat saroyida fermer xo‘jaliklari raislari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tuman hokimi Shavkat Darvishev qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishdagi kechiktirib bo‘lmas masalalarga e’tibor qaratdi.

Bu borada muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar atroflicha muhokama etilib, pilla sotish, g‘alla o‘rimiga hozirlik ko‘rish, g‘o‘za parvarishida zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish, suvni tejash maqsadida tomchilatib sug‘orish tizimini yanada keng joriy etish borasida tavsiyalar berildi.
***
Ichki ishlar vazirligi Respublika ishchi guruhi a’zolari tomonidan Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda xizmat faoliyatiga oid huquqiy-normativ hujjatlar xususida ma’lumot berildi. Shu bilan birga ichki ishlar organlariga ishga kirish istagida bo‘lgan nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishga oid yangilik va o‘zgarishlar tushuntirildi.
***
Arnasoy tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Husniddin Umurov hududdagi “Bo‘ston” hamda “Baxtli” MFY raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari va yoshlar yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

“Ayollar daftari” ning 4-bosqichiga kiritilgan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish, “Yoshlar daftari” da ro‘yxatda turgan yoshlar muammosini hal etib, daftardan chiqarish, xotin-qizlar va yoshlarni turli sport va madaniy tadbirlarga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Sektor rahbari tomonidan ishsiz xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, tomorqadan unumli foydalanishga o‘rgatish, kasb-hunar o‘quv kurslariga jalb qilish va subsidiyalar berish orqali bandligini ta’minlash yuzasidan mas’ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.
***
Jizzax viloyati Zomin tumanining olis tog‘li hududlardagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni yana bittaga ko‘paydi.

Tumanning chekka va olis “Duoba” qishloq fuqarolar yig‘inida yangidan barpo etilgan 24-sonli Davlat maktabcha ta’lim tashkiloti ish boshladi. Bog‘cha 120 o‘rinli bo‘lib, bu yerda duobalik bolajonlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha zamonaviy qulayliklar yaratilgan.
E’tiborlisi, ushbu bog‘chada qishloqdagi 25 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi.
***
Yangiobod tumani hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limi tomonidan chorva qishlov mavsumiga dag‘al xashak jamg‘arish va sohada natijadorlikni oshirishning zamonaviy usullariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasida tumanda uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar, soha vakillari hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi vakillari tomonidan ishtirokchilarga chorva uchun dag‘al xashak jamg‘arish hamda chorvachilikda natijadorlikni oshiruvchi zamonaviy usullar to‘g‘risida tushunchalar berildi.
***
Zafarobod tumani hokimi O‘tkirbek Rahmonov yoshlar bilan uchrashib, yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, imkoniyatlar va yangiliklar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Sportchi yoshlar tomonidan bildirilgan takliflar tuman hokimi tomonidan qayt etib borildi, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
“Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi” uchun o‘tkazilgan futbol va minifutbol bo‘yicha tuman g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilarning diplom, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA